Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha optik tolali liniyalarning jami uzunligi 198 ming kmga yetdi, aholi maskanlarining internet tarmog‘i bilan qamrovi 80 foizga yetkazildi. Keng polosali internet bilan ta’minlangan xo‘jaliklar, tadbirkorlik sub’ektlari, ijtimoiy ob’ektlar soni 4,7 millionga, mobil aloqa qamrovi 90 foizga yetkazildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Doniyor Rustamov aytib o‘tdi. Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga olis hududlarda Internet va aloqa qamrovini oshirish uchun sharoitlarni kengaytirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham respublikamiz hududlarini internet bilan ta’minlash masalasi belgilangan, — dedi vazir maslahatchisi. — Bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, tog‘li va chekka hududlardagi 100ga yaqin aholi maskanlariga internet yetib bormagan. Bunga sabab telekommunikatsiya tarmoqlari qamrab olinmagan aholi maskanlarining barchasi olis va tog‘li hududlar hisoblanadi. Ularni optik tolali liniyalar bilan ta’minlash murakkab va xarajati yuqori. Aholi sonining kamligi esa xarajatlarni oqlamaydi. Bunday holatda yo‘ldoshli aloqalar bilan ta’minlash osonroq hisoblanadi.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan mahalliy yo‘ldosh aloqa tarmog‘ini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va xizmatlar ko‘rsatish uchun mavjud davlat bojlarini kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali mahalliy yo‘ldosh aloqa turlarini ko‘paytirish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlarni yaratish nazarda tutilmoqda.

Qizg‘in muhokamalar davomida deputatlar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi, qator savollar o‘rtaga tashlandi.

Muhtarama Komilova,

Davron Ernazarov (surat), O‘zA