“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, fuqarolar o‘zlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan ma’muriy organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilganda undiriladigan davlat boji miqdorini pasaytirish belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasining majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolarga yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.

Deputat Sh.Nazarov loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida amalga oshirilgan ishlar, tuzatish va qo‘shimchalar xususida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarga o‘zlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Muhtarama Komilova,

Davron Ernazarov (surat), O‘zA