Parlament quyi palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijara munosabatlari va pensiya ta’minoti borasidagi huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Ushbu qonun loyihasi bilan “Ijara to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ijarachi nogiron bo‘lib qolganligi holati ijara shartnomasini to‘xtatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda, — dedi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva. — “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda pensionerlarga hisoblangan, lekin ular tomonidan talab qilib olinmagan pensiyalarni olish muddati ikki baravarga, ya’ni o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha uzaytirilishi, pensiyalar miqdori yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlari inobatga olingan holda oshirib borilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, ozodlikdan mahrum qilingan davrida mahkumlar tomonidan amalga oshirilgan faoliyat davri pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olinishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida loyihaning mazmun-mohiyati va ahamiyatidan kelib chiqib, uning nomi hamda muqaddima qismiga tahririy tuzatishlar kiritildi. “Ijara to‘g‘risida”gi qonunning bir qator moddalariga o‘zbek va rus tillaridagi matnlarini o‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida tahririy o‘zgartirish kiritildi. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi pensionerlarning moddiy farovonligini oshirishga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijara munosabatlariga oid huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi deputat.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinib, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA