Bu uyda O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov yashagan

Qarshida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan adabiyotimizning buyuk namoyandasi, madhiyamiz muallifi, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning 1992-2016 yillarda yashagan Qarshi shahridagi uyi peshtoqiga ijodkorning byusti va yodgorlik lavha o‘rnatildi.

Shoir o‘zi tug‘ilgan, kamolga yetgan vohani, uning sodda va samimiy odamlarini qanchalik sevgan, she’r va dostonlarida baralla kuylagan bo‘lsa, Qashqadaryo xalqi ham uni shunchalik ardoqlaydi. Adib xotirasini abadiylashtirish uchun amalga oshirilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar viloyat ahlini shod etayotgani ham shundan.

Yodgorlikning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, ijodkorlar, shoirning yaqinlari va yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda adibning o‘zbek adabiyoti ravnaqiga qo‘shgan hissasi, davlat va jamoat ishlaridagi, yosh ijodkorlarni tarbiyalashdagi jonkuyarligi haqida so‘z yuritildi. O‘quvchi-yoshlar tomonidan shoir ijodiga mansub she’rlar o‘qildi.

1.jpg

3.jpg
4.jpg
Ta’kidlash lozimki, joriy yil davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qarshi shahri markazida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyat boshladi. Maktabda tashkil etilgan xiyobonda shoir haykali qad rostladi. Shuningdek, maktab negizida adibning barcha asarlari va boshqa ijodkorlarning kitoblaridan iborat kutubxona va muzey tashkil etildi.

 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA