Ular xalq qalbida mangu yashaydi. Poytaxtimizda birinchi o‘zbek generali Sobir Rahimov haykalining o‘z tarixiy joyida – Olmazor tumanida qayta tiklanishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda barchaning ko‘nglidan shunday fikrlar kechganiga shubha yo‘q.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirga Mudofaa vazirligi, poytaxtning keng jamoatchilik vakillari, urush va mehnat faxriylari, yoshlar taklif etildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda tarixiy adolatni qaror toptirish, tinchlik, osuda va baxtiyor hayot uchun jon fido etgan hamyurtlarimizning nomlarini tiklash, ularning ibratli hayot yo‘lidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ulg‘ayib kelayotgan avlodni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash,jamiyatimizda mehr-oqibat, insoniylik, hamjihatlik, o‘zaro hurmat, shukronalikmuhitini yanada mustahkamlash borasidagi ezgu tashabbuslari xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 16-aprelda e’lon qilingan “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni tinchligimiz yo‘lida o‘z huzur-halovatidan kechgan, ajalga ro‘baro‘ kelib, omon qolgan nuroniylarga ehtirom ko‘rsatish borasidagi amaliy ishlarni misli ko‘rilmagan darajada yuqori bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.

Yurtboshimizning yaqinda Namangan viloyatiga safari chog‘ida o‘zbek generali Sobir Rahimov haykalini o‘z tarixiy joyida qayta tiklashga oid bildirgan taklifini yurtdoshlarimiz katta hayajon bilan kutib oldi.

Xalqimizda afsonaviy general nomi bilan mashhur bo‘lgan Sobir Rahimov 1902-yilda Toshkentda tavallud topgan. 1941-1945 yillarda fashizm balosini yengishdagi janglarda qatnashgan hamyurtimizning matonati, jasorati, qat’iyati, o‘ziga xos jang taktikasi tarixning oltin zarvaraqlaridan o‘rin olgan. Bir necha bor og‘ir yaralangan S.Rahimov urush poyoniga yetay deganda dunyodan ko‘z yumgan.

Tantanali tadbirda ishtirokchilar general Sobir Rahimov haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tinchlik uchun jon fido etgan harbiylar xotirasini yodga olish va abadiylashtirish, yoshlarda ona-Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, ona-O‘zbekistonimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkam qaror toptirishga doir bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA