Bayram tantanasi o‘tkazilayotgan Botanika bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1941 – 1945 yillarda mamlakatimiz sobiq Ittifoq miqyosidagi ulkan gospitalga aylangani, bu yerda minglab jangchilar davolanib, frontga qaytganini ta’kidladi.
– O‘sha suronli yillar haqida gapirganda, xalqimizning olijanob gumanistik fazilatlari to‘g‘risida har qancha faxrlanib, g‘ururlanib so‘z yuritsak, arziydi, albatta, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan qariyb 1 million kishini o‘z yaqinlaridek kutib oldi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Yuzlab o‘zbek oilalari evakuatsiya qilingan yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga oldi. Oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi. Va ana shunday buyuk insonparvarlik yuksak ma’naviy jasorat namunasi sifatida butun dunyoda e’tirof etildi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, kattaqo‘rg‘onlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Jo‘rayev va Ashurxo‘jayevlar oilasi 8 nafardan bolani o‘z bag‘riga olgan. Xotira va Qadrlash kuni nishonlanayotgan shu kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi maydoniga toshkentlik temirchi Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan haykal qayta o‘rnatildi.