Qozog‘istonning Almati shahrida armrestling bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida dunyo birinchiligi o‘tkazildi. Unda sayyoramizning 51 ta davlat vakillari medallar yo‘lida bahs olib bordi.
Mazkur jahon chempionatida Qurbon Konishev boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 12 ta oltin, 4 ta kumush, 9 ta bronza medaliga musharraf bo‘ldi.
Murosasiz bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, kichik o‘smirlar o‘rtasida hamyurtlarimizdan Shahzoda Begimova (70 kg) o‘ng qo‘l mashqida oltin, chap qo‘lda esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar bahsida qatnashgan Odamboy Shavkatov (+90 kg) chap qo‘lda oltin medalga ega chiqdi.
Kattalar o‘rtasidagi bahslarda Zohir Fayzullayev (55 kg) o‘ng qo‘lda bronza, Nazokat Soliyeva (70 kg) chap va o‘ng qo‘llarda 2 ta oltin medalni terma jamoamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi.
Yoshlar o‘rtasidagi musobaqada Yarashboy Yo‘ldoshev (60 kg) chap qo‘lda bronza, Nazokat Soliyeva (70 kg) chap va o‘ng qo‘llarda 2 ta oltin, Shohrux O‘ktamov (75 kg) o‘ng qo‘lda kumush, chap qo‘lda esa bronza, Siroj Tursunov (85 kg) o‘ng qo‘lda bronza, Oydinxon Sultonova (60 kg) chap va o‘ng qo‘llarda 2 ta bronza, Dilshod Mardonov (70 kg) chap qo‘lda bronza, Umidjon Ermatov (55 kg) esa chap qo‘lda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar bahsida Umidjon Ahmedov (90 kg) o‘ng qo‘lda bronza, Qudrat Toshboyev (100 kg) chap va o‘ng qo‘lda 2 ta kumush, Sherzod Saidov (65 kg) chap va o‘ng qo‘lda 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa O‘zbekiston armrestling terma jamoasi 12 ta oltin, 4 ta kumush, 9 ta bronza, jami 25 ta medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA