O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z faoliyati yo‘nalishida ko‘zlangan natijalarga erishish maqsadiga xizmat qilkvchi mazkur kelishuvga ko‘ra, tomonlar o‘zaro manfaatli munosabatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, vakolati doirasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, jumladan axborot-tahliliy faoliyatni yanada takomillashtirish yo‘lida birgalikda ish olib boradi.

Sheriklik doirasida jahonda sodir bo‘layotgan tashqi va ichki siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning asosiy tendensiyalarini har tomonlama chuqur o‘rganish, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek mamlakatning milliy, harbiy xavfsizligini ta’minlash, davlat mudofaa qobiliyatini oshirish, mudofaa va harbiy qurilish sohalarida davlat siyosatini sifatli amalga oshirishga oid xalqaro tajribani o‘zlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish ham nazarda tutilgan.

Imzolangan hujjatda sohaga oid milliy va xalqaro darajadagi ilmiy-uslubiy, amaliy konferensiyalarni uyushtirish va o‘tkazish, xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspertlar hamda tor doiradagi mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashuvini amalga oshirish, xodimlar malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash, amaliyotlar o‘tkazish tartibi aks etgan.

G‘.Xonnazarov, O‘zA