2024 yilda O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom oziqlanishni ta’minlashning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi.
Mazkur strategiya O‘zbekiston aholisi uchun oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishning xalqaro miqyosda tan olingan me’yorlariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari mavjudligi, foydalana olish imkoniyati, iste’mol, barqarorlik va doimiylikni ta’minlash bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan muhim hujjatdir.
Kuni kecha Senatda ma’qullangan “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ushbu Strategiyani amalga oshirishda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha amaldagi qonunchilikni xalqaro standartlar talablariga va ilg‘or tajribaga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Ushbu masala bo‘yicha munosabat bildirgan senator Qobul Tursunovning qayd etishicha, oxirgi uch yilda import o‘rnini bosuvchi 75 turdagi 289,9 million AQSH dollari miqdorida oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanib, import hajmi 7,4 foizga kamaydi. Respublika sanoatida oziq-ovqat sanoati ulushi 14 foizdan 16,6 foizga yetdi. Albatta, bu raqamlar respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qonunda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z vakolatlari doirasida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qanday choralar ko‘rishi lozimligi belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, ularning davlat zaxirasini yaratish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini yaratish hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki undan olib chiqishni tartibga solishda ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.
Senator Sayyora Abdikarimova qonun bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi uchun oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi axborotning shaffofligi va ochiqligi (oshkoraligi) ta’minlanishini qayd etdi. Bu axborotdan oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi sub’ektlar aholiga yetarli darajada oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda foydalanadi. Aholi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlaridan oqilona foydalanish prinsipi ham mustahkamlanmoqda. Ushbu prinsipga amal qilinsa, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda tabiiy resurslar tejaladi, yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi.
Senator Sodiqjon Turdiyevning qayd etishicha, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar iste’molchilarga yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish yoki bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirishi shartligi mustahkamlab qo‘yilmoqda. Ushbu norma oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatli organlarning xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan hamkorligini yaxshilashga, eng asosiysi, aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Senator Rustam Xolmurodov qonun bilan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari belgilab qo‘yilayotganini ta’kidladi. Xususan, vazirlik ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini, iste’mol, import va eksport ko‘rsatkichlarini tahlil qiladi hamda vazirlik tahlillar natijasiga ko‘ra, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun investitsiyalarni jalb qilish choralarini ko‘radi. Bundan tashqari, vakolatli davlat organi bilan birgalikda ichki bozordagi talabni muntazam o‘rganadi, zarur hollarda, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan bojxona bojlari stavkalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA