O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniy muassasalar faoliyatini kompleks rivojlantirish hamda madaniyat va san’at sohasiga doir amalga oshirilgan ishlarni keng targ‘ib qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.

So‘nggi yillar mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator yangi madaniyat va san’at maskanlari qad rostladi. Xususan, Mo‘ynoq, Xo‘jayli, Ellikqal’a, Chimboy tumanlarida 150 o‘rinlik bolalar musiqa va san’at maktablari, Nukus shahrida Opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Chimboy, Qo‘ng‘irot tumanlarida amfiteatr binosi, Investitsiya dasturi doirasida Nukus shahrida respublika ko‘zi ojizlar kutubxonasi yangidan qurildi. Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar hamda Qoraqalpoq davlat Qo‘g‘irchoq teatrlari yangi binosi foydalanishga topshirildi. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatriga “Akademik teatr” maqomi berildi.

Tadbirning dastlabki kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev bilan uchrashuvida 2025-2026 yillarda Orolbo‘yida o‘tkazilishi rejalashtirilgan madaniy tadbirlar muhokama qilindi.

Press-tur doirasida hududda madaniyat va san’at sohasida islohotlarni jadallashtirish, aholining maroqli dam olishini, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularga madaniy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda samarali mehnat qilgan xodimlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Keyingi yillarda Orolbo‘yini yanada obod qilish, bu yerning mard va tanti, samimiy hamda mehnatkash aholisiga munosib turmush sharoitlarini yaratish, ish va daromad manbai bilan ta’minlash borasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Zero, davlatimiz rahbari takror va takror ta’kidlaganlaridek, “Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, Qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun O‘zbekiston xalqining baxti va farovonligidir”. Yurakdan aytilgan ushbu samimiy so‘zlar har birimizning ayni dilimizdagi niyat va maqsadlarning hayotiy ifodasi bo‘lib, Qoraqalpog‘istonning har tomonlama taraqqiy etishiga munosib hissa qo‘shish – biz uchun ham burch, ham katta sharafdir.

Tadbir yakunida bir guruh fidoyilarga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni hamda “Alg‘is – 2024” nominatsiyalari tantanali ravishda topshirildi.

Nukus shahridagi Yoshlar markazi binosida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning qoraqalpog‘istonlik yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat va san’at sohasida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan 200 nafarga yaqin iqtidorli yosh, davlat mukofoti va stipendiantlari, xalqaro tanlovlar g‘oliblari ishtirok etdi. Tadbirda yoshlar o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.

Press-tur ishtirokchilari Kegeyli tumanidagi “Xalqabad” madaniyat markazida bo‘ldi. “Xalqabad” madaniyat markazi 1963 yili qurilgan bo‘lib, foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Markazning binosi 2024 yilda qayta foydalanishga topshirildi va to‘liq zamonaviy jihozlar, musiqa asboblari, ovoz kuchaytiruvchi uskunalar, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlandi. Bugungi kunda madaniyat markazida to‘qimachilik, raqs, gitara, qo‘g‘irchoq teatri, ashula to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Ularga 60 nafarga yaqin hudud yoshlari qamrab olingan. Shuningdek, kichik kutubxona va tomoshabinlar zalida kinoteatr yo‘lga qo‘yilgan. Markaz 35 ming nafardan ziyod aholiga madaniy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tadbir ishtirokchilari madaniyat markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tuman aholisiga davlat buyurtmasi asosida suratga olingan komediya janridagi “Yasha xotin” kinokartinasi namoyish etildi.

Navbatdagi manzil, Xo‘jayli tumanidagi 4-son bolalar musiqa va san’at maktabi bo‘ldi. Mazkur maktab 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2019 yilda 4 milliard 950 million so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilindi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda ayni kunda 180 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Shuningdek, bu yerda 150 o‘rinli konsert zali, kutubxona va 25 ta o‘quv xonasi mavjud.

Hozirgi kunda maktabda 32 nafar pedagog xodim faoliyat yuritmoqda, 2024-2025 o‘quv yilida fortepiano, torli cholg‘u, xalq cholg‘ulari, baxshi-jirov, estrada, xoreografiya, tasviriy va teatr san’ati yo‘nalishi bo‘yicha  ta’lim-tarbiya olib borilmoqda.  Maktab o‘quvchilari bir qancha tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, yuksak natijalarga erishib kelmoqda. Ularning orasida Yerkinoy Orinbayeva 2022 yilda, Gulshinar Qudaybergenova 2023 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olishga sazovor bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali yangi binosining qurilish ishlari bilan tanishdi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2024 yilda filial uchun 300 o‘rinli o‘quv binosini qurish va kapital  ta’mirlash uchun  27 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hozirgi kunda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yangi binoni joriy yilning ikkinchi yarmida  foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Press-tur yakunida Nukus shahridagi “Do‘stlik” maydonida “Yulduz bilan sayohat” loyihasi doirasida Benom guruhining konsert dasturi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston san’at saroyida aholi uchun davlat buyurtmasi asosida suratga olingan “Uch qahramon” hamda “Yasha xotin” kinokartinalari namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA