
Bugun O‘zbekistonda yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydigan zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari xonadonlardagi yurtdoshlarimiz bilan alohida-alohida ishlab, ularning muammolarini bartaraf etmoqda. Davlat va nodavlat tashkilotlarida ham yoshlar bilan ishlashning yangicha usullari joriy etilmoqda. Tashkilot va vazirliklardagi yoshlar bo‘ycha mas’ullar bu borada alohida ish olib bormoqda.
Joriy yildagi rejalar va loyihalarni muhokama qilish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi press-klubida vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlarining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari uchrashuvi tashkil etildi. Muloqot shaklida o‘tgan yig‘ilishda maslahatchilar tizimidagi yosh kadrlar uchun amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha muhokama qildi.
Tadbir davomida Yoshlar ishlari agentligida yo‘lga qo‘yilgan va mamlakatimiz bo‘ylab millionlab yoshlarni qamrab olayotgan “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi” va “UzChess” kabi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Maslahatchilar o‘zaro tajriba almashib, tizimdagi yoshlarni mazkur platformalarga jalb etish masalasini ham ko‘rib chiqdi. Loyiha mualliflari 2025 yilda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Tadbir kelgusida vazirlik va idoralarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan isloh qilish, davlat xizmati sohasida yosh kadrlarni bosqichma-bosqich tayyorlash, yoshlar orasida davlat xizmati jozibadorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Asliddin Alijonov (foto),
Iskandar Ismatov (video),
O‘zA