Avtomashinalik bo‘lish istagini bildirgan fuqarolarga banklar tomonidan uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan ajratilgan kredit pullarini belgilangan muddatda qaytarmaslik salbiy holatni keltirib chiqarmoqda.
Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanlararo sudining 2024 yil 26 iyundagi ijro hujjati asosida kredit qarzini o‘z vaqtida qaytarmagan qarzdor J.O.dan aksiyadorlik-tijorat “Kapitalbank” foydasiga 90,5 million so‘m undirish va uni esa kreditga olingan “GM NEXIA3” rusumli avtotransport vositasiga qaratish belgilandi.
Majburiy ijro byurosi Nukus tuman bo‘limi tomonidan qarzdorga tegishli bo‘lgan, undiruv qaratilishi belgilangan avtomashina tegishli tartibda xatlovga olindi. Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan kredit qarzdorligi bartaraf etilmaganligi sababli, xatlangan avtomashina elektron onlayn auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarildi.
Joriy yilning 20 yanvar kuni o‘tkazilgan auksion savdolarida “GM NEXIA3” avtomashinasi 77,9 million so‘mga sotilib, undan tushgan pul mablag‘i bank foydasiga o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri