
Sirdaryo tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Asaka Motors International” kompaniyasiga qarashli avtomobil zavodida yangi tijorat avtomobili –«WULING N111» ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu turdagi avtomobil hisobiga kompaniyaning mazkur avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan avtomobillari turi 7 taga yetdi.
7 kishigacha sig‘imga, uzunligi 3797 mm, eni 1510 mm va balandligi 1820 mm, bo‘lgan avtomobil yo‘lovchilar va ularning yuklarini tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, avtomobilga muhtoj kishilar uchun mukammal variant hisoblanadi
Model 1,2 litrli injektor atmosferali dvigatelga va 82 ot kuchiga ega, bu esa yuqori iqtisodiy samaradorlik va a’lo dinamikaning mukammal kombinatsiyasini ta’minlaydi. O‘rtacha yoqilg‘i sarfi 100 km ga 6,3 litrni, benzin bakining sig‘imi esa 38 litrni tashkil etishi barobarida uzoq masofaga borish imkoniyatiga ega. Avtomobil konditsioner, ABS tizimi va boshqa xavfsizlik elementlari bilan jihozlangan bo‘lib, bu yo‘lda qulaylik va himoyani ta’minlaydi.

— «WULING N111» — bu mahalliy avtomobil ishlab chiqarishining rivojlanishida muhim qadamdir. Biz bu avtomobilni taqdim etayotganimizdan faxrlanamiz, chunki u ko‘plab oilalar, tadbirkorlar va tashkilotlar uchun ishonchli yordamchi bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda biz modelga bo‘lgan yuqori qiziqishni ko‘ryapmiz va u O‘zbekiston bozorida va uning tashqarisida mashhur bo‘lishiga ishonamiz,– deydi “Asaka Motors International” kompaniyasi boshqaruvi raisi Avazbek Jalilov.
Kompaniya, shuningdek, savdo tarmog‘ini kengaytirish rejalari haqida e’lon qildi. 2025 yil 26 fevralga qadar mamlakatda kamida 4 ta avtosalon ochiladi, bu yerda mijozlar avtomobil bilan tanishib, yangi modellarga oldindan buyurtma berishi mumkin. Hozirgi kunda mijozlar «WULING N111» uchun oldindan buyurtma qoldirishi mumkin.

Shuningdek, bu yil kompaniya model qatorini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu qadam turli kategoriyadagi iste’molchilar ehtiyojlarini qondirish va «WULING» brendining O‘zbekiston bozoridagi mavjudligini kengaytirishga qaratilgan.
–«WULING N111» modelini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni boshlash “Asaka Motors Internatsional” bilan hamkorligimizdagi muhim bosqichdir. Biz ushbu avtomobil mamlakat transport infratuzilmasining ajralmas qismiga aylanishiga ishonamiz. «WULING » brendining rivojlanishini va iste’molchilar ishonchini qo‘lga kiritishini ko‘rib, xursandmiz,—dedi GMW (SAIC-GM-WULING) kompaniyasi vakili.
2021 yilda asos solingan “Asaka Motors Internatsional” kompaniyasi dunyoning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan, masalan, “Hyundai”, “Exeed”, “Wuling”, “Opel”, “Fiat” va “Alfa Romeo” kabi kompaniyalar bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. «WULING N111»ni Sirdaryoda ishlab chiqarishni boshlash O‘zbekistonda yangi avtomobil ishlab chiqarish loyihasining muhim bosqichi bo‘lib, shuningdek, ularning komponentlarini lokalizatsiya qilishni davom ettirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov,Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari