
Agrar sohada eng dolzarb muammolardan biri muttasil sholi yetishtirilib kelinayotgan maydonlarda tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirishdir.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari Yaponiyaning agrar sohada faoliyat olib boruvchi bir guruh ishbilarmonlari bilan uchrashdi.
Unda agrar sohada ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, turli zararkunandalarga qarshi kurashish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda vazirlik mas’ullari so‘nggi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, agrar tarmoqda raqobatbardosh biznes muhitini shakllantirish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda sholi va boshqa dukkakli ekinlar uchun foydalaniladigan, Yaponiyada sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan organik o‘g‘itlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yurtimiz agrar tarmog‘iga Yaponiya va Filippin tajribasini qo‘llash imkoniyatlari haqida ham turli takliflar o‘rtaga tashlandi.
Yaponiyalik tadbirkorlar mamlakatimiz agrar tarmog‘ida investorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlarni alohida e’tirof etar ekan, mamlakatimizda agrar sohani, xususan, sholichilikni rivojlantirishda Yaponiya va Filippin tajribasining ahamiyatini hayotiy misollar orqali ochib berdi.
Muloqot so‘ngida tomonlar dastlab, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yapon kompaniyasining organik o‘g‘itlarini sinovdan o‘tkazib ko‘rish va sinov natijalaridan kelib chiqqan holda hamkorlik qilishga kelishdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA