
TURKSOY xalqaro tashkilotining Doimiy Kengashi tashkilotchiligida AQSHning Nyu-York shahrida “Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu film O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston va Turkmaniston kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan.

Film namoyishida O‘zbekiston, Turkmaniston, Turkiya konsulliklari va elchixonalaridan vakillar, AQSHdagi jamoat birlashmalari, kino va televideniye mutaxassislari ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston tomonidan “Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmi bosh rejissyori Muzaffarxon Erkinov, bosh rol ijrochilaridan biri Boir Xolmirzayev, filmning montaj rejissyori Dilshod Ibrohimov, Turkmaniston tomonidan bosh rol ijrochisi Axmed Amandurdiyev va boshqa ijodkorlar qatnashdi.

Tadbirni TURKSOY tashkilotining Bosh kotibi Sulton Rayev ochib berdi.
Film tadbir ishtirokchilari tomonidan juda iliq kutib olindi.
“Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmi TURKSOY xalqaro tashkiloti 2024 yilning noyabr oyida Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazgan “Qo‘rqut ota” IV xalqaro kinofestivalida eng oliy sovrin – “Eng yaxshi film” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan edi.
N.Usmonova,
O‘zA