O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan joriy yilning 15 avgustidan 15 sentyabriga qadar mamlakatimiz bo‘ylab «Yangi O‘zbekistonning yangi kinolari» oyligi doirasida «Kinokarvon» aksiyasi o‘tkazilmoqda.

«Kinokarvon»ning navbatdagi manzili Markaziy harbiy okrugi bo‘ldi. Okrugning Madaniyat va ma’rifat markazida «Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!» shiori ostida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Anvar Azimov, Egamberdi Rahimov hamda bir guruh aktyor va aktrisalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda o‘zbek milliy kino san’atidan o‘rin olgan eng sara vatanparvarlik ruhidagi asarlar, ularning yaratilish tarixi, tasvirga olish jarayonlari va mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, san’atkorlar mashhur kinofilm va spektallarda ijro etgan rollaridan parchalar namoyish etishdi. Vatan va tinchlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar uchrashuvga ko‘tarinkilik ulashdi.

Uchrashuv yakunida ijodkorlarga Mudofaa vazirligi va okrug qo‘mondonligining tashakkurnomalari taqdim etildi.

Alisher ISROILOV (surat), O‘zA