Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan shu yilning 3 sentyabr kuni mamlakatimizning 16 shahrida “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida havaskorlar o‘rtasida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi.

Keyingi yillarda muhim sanalar va tadbirlar oldidan an’anaviy o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va boshqa tashkilotlar ko‘magida yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilmoqda.

Bugun Samarqand shahrida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasiga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Yoshlar siyosati va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Sanatilla G‘ulomnazarov, yengil atletika federatsiyasi ijrochi direktori Shuhrat Usmonov hamda musobaqa o‘tkaziladigan shaharlar hokimliklari mas’ullari ishtirok etdi.

Barcha hududlarda sport tadbirini o‘tkazishga faol tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani ta’kidlandi. Yugurish musobaqalari o‘tadigan Toshkent, Nukus, Nurafshon, Guliston, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Termiz, Qarshi, G‘uzor va Xiva shaharlarida kecha trassaning tayyorligi tekshirildi, ta’mirlash ishlari o‘tkazildi, mavzuga doir bannerlar tayyorlandi, ommaviy yugurish musobaqasi ishtirokchilari uchun kiyim formasi ishlab chiqildi.

Musobaqalar ertalab soat 06:30 da shaharlarning markaziy ko‘chalarida 3 kilometr masofaga, Toshkentda esa 3 va 10 kilometr masofaga boshlanadi.

– “Yangi nafas” sport harakati bu yil yangi miqyosga chiqdi va xalqaro sport tadbiri maqomiga ega bo‘ldi, – deydi Yengil atletika federatsiyasi ijrosi direktori, “Yangi nafas” tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Shuhrat Usmonov. – Biz bu qadam bilan birdaniga bir necha masalani qamrab olamiz – ommaviy sportni rivojlantiramiz, yugurish havaskorlarini mamlakatning turistik salohiyati bilan tanishtiramiz va katta sport tadbirlarini tashkillashtirish borasida tajriba almashamiz.

Musobaqada Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning yugurish klublaridan a’zolar faol ishtirok etmoqda. Bu gal Turkmanistondan ham mehmonlar kelishi kutilmoqda. Umuman, 3 sentyabr kuni yurtimizdagi 16 shaharda 100 mingdan ziyod havaskor yuguruvchi “Yangi nafas”da ishtirok etishi kutilmoqda. Samarqand shahrida yugurish musobaqasi “Silk Road Samarkand” ko‘p tarmoqli turizm markazida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan batafsil javob berildi.

G‘.HASANOV, O‘zA