Orol dengizining qurigan sohillarida noyob mikroorganizm – artemiya sistalari hayot kechiradi. Xlorlangan, sulfatlangan, karbonat va tuzli muhitda yaxshi ko‘payishga ixtisoslashgan ushbu tirik mavjudotlar akvamadaniyat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot va kosmetologiyada keng qo‘llaniladi.
Orol dengizi hududlaridan artemiya sistalarini yig‘ib olish uchun ekologiya organlari tomonidan kvota berilishi va tabiatga zarar yetkazmagan holda ushbu tirik mavjudot sistalaridan ko‘rsatilgan miqdorlardagina foydalanish mumkinligi belgilangan.
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayrim shaxslar tomonidan mo‘may daromad topish ilinjida ushbu noyob mavjudotlarning noqonuniy tarzda Orol dengizi hududidan yig‘ib olinayotgani holatlari ham uchramoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Mo‘ynoq tumani Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda Qozog‘iston Respublikasi chegara oldi hududlari, Orol dengizi qirg‘oqlarida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida bir guruh shaxslar qiymati 102,9 million so‘mga teng bo‘lgan jami 1029 kg. artemiya sistalarini xech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda yig‘ib olib ketayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi. Mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bozorlarida talabgorligi bilan ajralib turuvchi artemiya sistasi ishlov berilganiga qarab har bir kilogrammi 40-250 dollar atrofida sotilar ekan.
Bugungi kunga kelib Orol dengizi hududlaridan jami 45 ta tadbirkorlik sub’ekti kvota asosida qonuniy ravishda artemiya sistalarini yig‘ish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Osonlik bilan mo‘may daromadga ega bo‘lish ilinjidagi ayrim shaxslarning yuqoridagi kabi noqonuniy harakatlari butun mamlakatimizning artemiya eksportiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi. Zero, belgilangan harorat va sharoitlarga amal qilinmasdan saqlanib, transportirovka qilingan mahsulotlarning sifati ham shubha ostida qoladi.
Mazkur noqonuniy harakat ortidan tabiatga yetkazilgan zarar ham kam emas. Soha vakillari tomonidan Orol artemiyalarining belgilangan qoidalarga zid ravishda yig‘ib olinishi natijasida atrof-muhitga qariyb 68 million so‘m miqdorida moddiy zarar keltirilgan.
O‘zA