O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimini joriy qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich – 2023-2024 yillar chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 25 ta tumanda;
ikkinchi bosqich – 2025-2026 yillarda respublikaning qolgan tumanlarida.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzurida davlat muassasasi shaklida Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi tashkil etiladi.
Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan boqib, ko‘paytiriladigan va saqlanadigan hayvonlar, jumladan, uy hayvonlarini bosqichma-bosqich identifikatsiya qilish va ularning elektron hisobini yuritish tadbirlarini tashkil etish;
hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish bo‘yicha yagona milliy ma’lumotlar bazasini muvofiqlashtirish hamda real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvini ta’minlash;
hayvonlarni identifikatsiya qilish ishlariga jalb qilinadigan xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirib borish;
hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartib-taomillarini ishlab chiqish;
xalqaro tajriba asosida hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ushbu qarorda belgilangan tumanlarda go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek, aholidan yig‘ib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot shaklida realizatsiya qilish;
tayyor ozuqa yem mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni aholiga qulay bo‘lgan hududlarda sotish shoxobchalarini tashkil etish;
aholi xonadonlariga mahsuldor naslli mollarni yetkazib berish;
chorva mollarini so‘yish kushxonalari, terilarni qabul qilish va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish;
terini qayta ishlovchi korxonalar bilan birgalikda kooperatsiya asosida teridan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan chorvachilik klasterlari tashkil etilishini ta’minlaydi.
2024 yil paxta va g‘alla hosili uchun rejalashtiriladigan ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga ozuqabop ekinlar ekilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining “O‘znaslchilik” davlat korxonasi Naslchilik ilmiy-ishlab chiqarish markazi etib qayta tashkil etiladi.
Markaz nasldor buqalarning urug‘ini qadoqlashning zamonaviy usullarini keng ko‘lamda joriy etish, “AndroVision” CASA dasturi asosida sifatli urug‘ tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
go‘sht va sut yo‘nalishida nasldor qoramollarning embrionlarini “in vitro” usulida tayyorlash va ko‘chirib o‘tkazishning innovatsion laboratoriyasini tashkil etish;
nasldor va sport otlarining urug‘lari va embrionlarini chuqur muzlatilgan holda tayyorlash texnologiyasini yo‘lga qo‘yish hamda shartnoma asosida konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
iqtidorli yoshlar hamda yosh olimlarning nasldor hayvonlarning urug‘i va embrionlarini sotish, sifatli yetkazib berish, ilm-fan, ilg‘or tajriba va texnologiyalar yutuqlari borasida bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish bilan shug‘ullanadi.
O‘zA