“Huawei” va uning hamkorlari – “CA Distribution” va “Marvel Uzbekistan” kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur an’anaviy tadbir AKT sohasidagi global va mahalliy tendensiyalarni, hamkorlik biznesini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, “Huawei” texnologik yechimlari va O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasini jadallashtirish uchun ularni qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida “Huawei Enterprise” ning O‘zbekistondagi tizim integratorlari va distribyutorlik hamkorlarini birlashtiradi.
“Grow Together, Win the Future” shiori ostida o‘tkazilgan sammit soha mutaxassislari va mamlakatimizda raqamli kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilayotgan oliy ta’lim muassasalari vakillari
uchun qo‘shma raqamli loyihalarni amalga oshirish maqsadida mahalliy IT bozori ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun an’anaviy platformaga aylandi.
“Huawei” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Chen Szyakay o‘z nutqida kompaniyaning mamlakatda qulay ekotizim yaratish borasidagi yutuqlari va biznesni rivojlantirish rejalari haqida so‘zlab berdi.
-Raqamli infratuzilmaga innovatsiyalarni joriy etish, ilmiy tadqiqot va ishlanmalarga uzluksiz sarmoya kiritish, shuningdek, ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistondagi mijozlar va hamkorlar bilan AKT texnologiyalarini turli sohalar bilan chuqur integratsiya qilish uchun yaqin hamkorlik qilish imkonini beradi. Bizning maqsadimiz raqamlashtirishni jadallashtirish, raqamli iqtisodiyotni rag‘batlantirish va birgalikda hayotning barcha qatlamlari uchun yangi qiymat yaratishdan iborat, — dedi Chen Szyakay.
Shuningdek, “Huawei EBG” global bo‘limining davlat sektori yechimlari bo‘yicha bosh ilmiy mutaxassisi janob Xun Yen Kox xorijiy mamlakatlarda raqamli strategiyalarni amalga oshirishning muvaffaqiyatlariga urg‘u berar ekan, unda BMTning elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha global reytingida (69-o‘rin) o‘rinlar yuqorilaganini hisobga olgan holda, O‘zbekistonning so‘nggi yillarda elektron hukumatni shakllantirish borasida erishgan yutuqlarini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli transformatsiya muvaffaqiyatiga to‘g‘ri olib borilgan siyosat, iqtisodiy sharoitlar, raqamli texnologiyalardan foydalanish va raqamli savodxonlik kabi sohalarda mamlakatdan mamlakatga farq qiluvchi ko‘plab muhim omillar ta’sir ko‘rsatadi. Bulutli hisoblash, sun’iy intellekt, katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash tizimlari, ma’lumotlarni uzatishning ilg‘or texnologiyalari asosida mahalliy “texnologik ekotizim” ni barpo etish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Tadbirda “Huawei” kompaniyasi bilan 3 yildan buyon hamkorlik qilib kelgan “Marvel Uzbekistan” kompaniyasi bosh menejeri Andrey Pak so‘zga chiqdi. U hamkorlik davomida O‘zbekiston bozorining turli tarmoqlarida, shuningdek, Mo‘g‘uliston, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarida qator loyihalar amalga oshirilganini ta’kidladi.
-“Huawei” bilan birgalikda biz jadal innovatsiyalar jarayoni bilan shug‘ullanmoqdamiz. Bir qarashda, bu jarayonlarda turli ekotizim ishtirokchilarining ishtiroki oddiy odamga sezilmasligi mumkin, biroq kompaniyalarimiz o‘rtasidagi o‘zaro yordam jamiyatning kundalik muammolarini hal etish uchun O‘zbekiston bozoriga eng yangi texnologiyalarni ilgari surish jarayonini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi – deya ta’kidladi u.
“CA Distribution” kompaniyasi direktori Mixail Siplakov o‘z nutqida kompaniyaning kelgusi yillardagi ustuvor yo‘nalishi barcha sohalarda o‘z hamkorlari – pre-sales va post sales guruhlarini texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma marketing tadbirlari va dasturlari, hamkor xodimlar, mijozlar, shuningdek, yosh mutaxassislar, eng yangi mahsulotlar uchun ko‘rgazmali namunalarni kengaytirish, tezkor yetkazib berish uchun omborlarda eng ko‘p talab qilinadigan va muhim uskunalar mavjudligini qo‘llab-quvvatlash hajmini oshirish muhimlinini qayd etdi.
-Biz hanuz soha mutaxassislarining texnik tayyorgarligi darajasini asosiy vazifa deb bilamiz va hamkorlarimiz bilan kelgusi yillarda bu sohaga ko‘p vaqt va resurslarni ajratamiz, — deya qo‘shimcha qildi Mixail Siplakov.
Bugungi kunda “Huawei” kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab 30 mingdan ortiq korporativ hamkorlar, jumladan, savdo hamkorlari, yechim bo‘yicha hamkorlar, xizmat ko‘rsatish operatsiyalari bo‘yicha hamkorlar, iste’dodlar alyanslari, sarmoyaviy va moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlar, sanoat tashkilotlari va sanoat hamkorlari bilan aloqalarni davom ettiradi. Butun jahon bozorida “Huawei” qulay ekotizimni yaratish uchun hamkorlarni rivojlantirish, yetishtirish, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash dasturlariga sarmoya kiritishda davom etmoqda.
Shuningdek, kompaniya “Seeds for the Future” tashabbusi orqali mahalliy raqamli texnologiyalar iste’dodlarini rivojlantirishga, mahalliy universitetlar bilan ta’lim loyihalarini amalga oshirishga, AKT tanlovlarini o‘tkazishga va AKT akademiyalari negizida kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratmoqda. Shunday qilib, joriy yilning sentyabr oyida “Seeds for the Future 2023” yillik ta’lim loyihasi boshlanadi. Unda O‘zbekistonning 7 ta oliy o‘quv yurtidan 15 nafar talaba ishtirok etishi kutilmoqda. Loyiha “Huawei” kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkaziladi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA