Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni betalafot o‘tkazish, energetika hamda gaz tizimini barqaror ishlashini ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga elektr energiyasi va gaz resurslarini yetkazib berishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi o‘tkazildi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida aloqador vazirliklar, idoralar, tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 5 iyuldagi farmoyishiga asosan joriy yil 10 iyul – 10 avgust kunlari respublikamiz hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshiruvlar davomida jami 16 ming 246 kamchilik aniqlanib, shundan 13 ming 767 tasi bartaraf etilgan. Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, bir qator kamchiliklar ham aniqlandi. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlardan sog‘liqni saqlash tizimidagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Qoraqalpog‘iston filiali, Shumanay, Mo‘ynoq, Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Beruniy, Chimboy tumanlari tibbiyot birlashmalari, Nukus tumanida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida elektr sim va kabellari tashqi himoya qobiqlarining elektr tokiga qarshi chidamlilik darajasi sinovdan o‘tkazilmagan.

Madaniyat va turizm vazirligi tizimidagi Taxtako‘pir hamda Qo‘ng‘irot tumanlari madaniyat bo‘limlari, Amudaryo tumani “Choyko‘l” madaniyat uyi binolarida yong‘indan xabarlovchi uskunalar (signalizatsiya) o‘rnatilmagan, yong‘in o‘chirish qalqonlari me’yor talablariga muvofiq yong‘in o‘chirish anjomlari bilan to‘liq jihozlanmagan. Shuningdek, “Nukus dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatida, Qo‘ng‘irot, To‘rtko‘l, Xo‘jayli, Chimboy, Mang‘it, Bo‘ston, Shobboz “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida umumiy ovqatlanish maskanlarida suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanish, yong‘in o‘chirish texnikalari harakatlanadigan yo‘llarni to‘sib quyish holatlari aniqlandi. “Taxiatosh neft bazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Ellikqal’a, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Qaratau hamda To‘rtko‘l filiallarida yong‘in haqida avtomatik ravishda xabar berish qurilmalari nosoz, yong‘in o‘chirish avtomobillari, yong‘in o‘chirish asbob-anjomlari bilan ta’minlanmagan. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududgaz Qoraqalpog‘iston” filiali, “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati, “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarlari so‘zga chiqib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.

Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi davomida Nukus shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarda aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga elektr energiyasi, gaz resurslarini yetkazib berishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini yuzaga kelgan vaziyatlardan xabardor etish, jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, aholini xavfsiz hududlarga tezkorlik bilan ko‘chirish ishlarini tashkillashtirish va aholini to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish bo‘yicha zarur ko‘nikmalar berildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA