O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami arafasida mamlakatimiz bo‘ylab “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida Toshkent shahridan tashrif buyurgan Respublika targ‘ibot guruhi vakillari, san’atkor, shoir va yozuvchilar ishtirokida “Ma’naviyat festivali” o‘tkazildi.

Bayram tadbirlari Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida Mo‘ynoqda yuz bergan tarixiy o‘zgarishlar va yangilanishlar, bunyodkorlik ishlariga bag‘ishlab tayyorlangan “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albom taqdimoti bilan boshlandi. Unda keyingi yillarda yurtimizning eng chekka hududi Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy islohotlar haqida so‘z bordi.

Bolalarning ma’naviy dunyosini boyitish, kitobga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda odob-axloq qoidalariga amal qilishni o‘rgatish maqsadida Nukus shahridagi 39-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida “Mening ilk kitob javonim” loyihasi amalga oshirildi. Shuningdek, Yoshlar markazida “Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda” g‘oyasi asosida “Ma’rifat kuni” loyihasi doirasida tadbirlar o‘tkazildi.

Nukus shahridan boshlangan festival tadbirlari tumanlarda davom etdi. Jumladan, Mo‘ynoq tumanida “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albom taqdimoti, Ellikqal’a tumanidagi davlat va jamoat tashkilotlari, korxona va idoralarida ma’rifat soati, “Inson qadri” loyihasi doirasida foydali mehnat bilan shug‘ullanib, jamiyatda munosib o‘rin topgan insonlar bilan yoshlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Shuningdek, Taxiatosh tumanida ilm-fan namoyondalari, madaniyat va san’at arboblari ishtirokida “Uch avlod” uchrashuvi, “Ma’rifat kuni” loyihasi doirasida ochiq muloqot, davra suhbatlari va kitoblar ko‘rgazmasi, Nukus tumanida “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” shiori ostida milliy-madaniy markazlar forumi, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni” loyihasi doirasida voyaga yetmaganlar o‘rtasida erta tug‘ruq holatlari va tazyiqqa uchragan xotin-qizlar bilan uchrashuv va madaniy tadbir tashkil etildi.

Uch kun davomida festival doirasida o‘tkazilgan turli mavzulardagi tadbirlar aholini, ayniqsa, yoshlarimizni mustaqillikning qadriga yetish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shishdek ezgu ishlarga chorladi. Bu boradagi tadbirlar har bir shahar va ovulda, mahallalarda davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA