Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda aholining mushkulini oson qilish, ularning kundalik hayotida uchrayotgan har qanday muammolarini joyida bartaraf etish, eng muhimi, bugungi kundan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Buni joylardagi Xalq qabulxonalari tomonidan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan yuksak g‘oya asosida amalga oshirilayotgan faoliyatida ham ko‘rish mumkin.
– Joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida fuqarolar tomonidan jami 34 ming 224 murojaat kelib tushdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi mudiri Salauatdin Xudaybergenov. – Shundan 24 ming 24 tasi ijobiy hal etildi. 9 ming 469 murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. Aholidan kelib tushgan murojaatlarning aksariyatida ijtimoiy ta’minot, bandlik, uy-joy kommunal xo‘jaligi, ichki yo‘llarning yaroqsizligi, qurilish, sog‘liqni saqlash sohalari bilan bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi. Albatta, ushbu murojaatlarning ijrosini ta’minlashda aholining kundalik hayotida uchrayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etishda joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 2 ming 261 sayyor qabul o‘tkazildi. Ularda fuqarolar tomonidan bildirilgan 15 mingga yaqin masala tegishli tartibda o‘rganilib, shundan 7 ming 113 tasi ijobiy hal etildi. Masalan, Bo‘zatov tumani “Bo‘zatov” shaharcha fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolarning Prezident xalq qabulxonasiga hududdagi ichimlik suv, ichki yo‘llardagi nosozliklar bo‘yicha yo‘llagan murojaati ijobiy hal etilib, toza ichimlik suv tarmog‘i tortildi, ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Kegeyli tumanidagi “Qo‘ng‘irot” aholi punktida istiqomat qiluvchilar kuz-qish oylarida tabiiy gaz bosimining pasayib ketishidan qiynalib kelardi. Uzoq vaqt mobaynida soha va tuman rahbarlariga qilingan murojaat ijobiy yechim topmadi. Natijada, Prezident xalq qabulxonasiga murojaat etishga majbur bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan ushbu masala atroflicha o‘rganib chiqilib, diametri 89 mm bo‘lgan gaz quvuri diametri 189 mm bo‘lgan o‘rta bosimli gaz quvuriga ulanib berilgandan so‘ng muammo ijobiy yechim topdi. Ellikqal’a tumanida o‘tkazilgan sayyor qabullarning birida Navoiy mahallasida istiqomat qiluvchi Atabek Abdullayev o‘zining baliqchilik sohasiga qiziqishini, xonadoni qoshida sun’iy hovuz tashkil etib, baliqchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirdi. Uning murojaati ham tegishli tartibda o‘rganib chiqildi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun 250 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Bugungi kunda murojaat egasi tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, o‘zi bilan birga yana 3 nafar kishini ish bilan ta’minladi. Qorao‘zak tumanidagi 1-sektor hududiga qarashli Berdaq ovuli fuqarolar yig‘inida joylashgan qishloqlar aholisining farzandlari 7-umumta’lim maktabiga yozda chang, qishda loy 5 kilometr masofali yo‘ldan qatnashga majbur edi. Aholi tomonidan bildirilgan murojaatdan so‘ng ushbu yo‘l tekislanib, umumiy qiymati 330 million so‘mlik qum-shag‘al aralashmasi to‘shaldi va yangi o‘quv yilida o‘quvchilar bir tekis, ravon yo‘lda o‘qishga boradigan bo‘ldi.
Xo‘sh, bugungi kunda xalq qabulxonalari faoliyatidan aholi mamnunmi? Ushbu savolga javob olish maqsadida fuqarolardan kelayotgan ayrim maktublar hamda minnatdorchilik xatlari bilan tanishamiz.
–Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joylarda faoliyat olib borayotgan Xalq qabulxonalari bugungi kunda aholining haqiqiy tayanchi va suyanchiga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, – deb yozadi o‘zining minnatdorchilik xatida Ellikqal’a tumani “Qirqqizobod” ovul fuqarolar yig‘inidan U.Qurbanova. – Ishsizlik tufayli Rossiyaga vaqtinchalik ishlash uchun borib, muammolarga uchradim va ovulga qayta olmadim. Mana shunday qiyinchilik vaqtlarida Xalq qabulxonasining amaliy yordami bilan ovulga sog‘-omon qaytib keldim. Xalq qabulxonasi yordami bilan subsidiya asosida tikuvchilik sexini tashkil etdim. Hozir aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqdaman. To‘rtko‘l tumani Navoiy mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 2 guruh nogironi hunarmandchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U Xalq qabulxonasining yordamida 20 million so‘m kredit mablag‘ini olganidan minnatdor. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Eng muhimi, ishsizlik yoki boshqa sabablar bilan hayot yo‘lida turli qiyinchiliklarga duch kelgan aksariyat yurtdoshlarimiz Xalq qabulxonalarining yordami bilan o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘zining hamda atrofidagilarning bandligini ta’minlamoqda. Hududlardagi yillar davomida to‘planib qolgan muammolar aholi murojaatlari orqali ijobiy yechimini topmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan ushbu tizim bugungi kunda o‘zini to‘laqonli ravishda oqlamoqda.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA