Munosabat

Bu yil O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 31 yil to‘ldi. O‘tgan chorak asrdan ortiq vaqt davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar jadal rivojlandi. Jumladan, ayni kunda ikki mamlakat o‘rtasida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya, shuningdek, 2021 yil fevral oyida tashkil etilgan Ishbilarmonlik kengashlari  faoliyat olib bormoqda.

Ayniqsa, do‘stona aloqalar Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2021 yil mart oyida O‘zbekistonga, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil oktyabr oyida Vengriyaga qilgan rasmiy tashriflari doirasida yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, davlat rahbarlarining Budapeshtda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari yakuni bo‘yicha 15 ta ikki tomonlama hujjat, jumladan, Strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolandi.

Bunday hamkorlik aloqalarining rivojlanishi o‘zaro savdo hajmi ortishi, iqtisodiyotning turli sohalaridagi yetakchi korxonalar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari jadal rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda. Misol uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda Vengriya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 16 ta korxona faoliyat olib bormoqda. Ularning 10 tasi qo‘shma korxonalardir.

Xususan, Vengriya “OTR” bankining Markaziy Osiyodagi eng yirik bozor bo‘lgan O‘zbekiston bank-moliya bozoriga kirishi mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalari rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, bu kabi hamkorlik aloqalari davlat yetakchilari darajasida jadal tashabbus qilinayotganligi kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilishidan dalolatdir.

Jumladan, joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan Budapesht shahriga qilgan tashrifi va tashrif doirasida erishilgan natijalar hamkorlik aloqalari barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borishiga zamin yaratadi.

Ikki kunlik tashrif davomida o‘zaro savdo hajmini oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida hamkorlikni kengaytirishga doir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, Yevropaning yetakchi “OTP” banki boshqaruvi raisi Shandor Chani bilan o‘tkazilgan uchrashuv doirasida sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning samarali moliyaviy vositalaridan kengroq foydalanishga kelishildi.

Shu bilan birga, Budapesht shahrida o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Tatariston Raisi Rustam Minnixanov bilan suhbatlashdi. Suhbatlarda ikki tomonlama amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning rivojlanishi nafaqat ikki mamlakat, shu bilan birga, ikki mintaqa davlatlari iqtisodiy imkoniyalaridan kengroq foydalanish uchun keng yo‘l ochib bermoqda.

 

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA