Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘i asosida “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatini yanada rag‘batlantirish, Vatan oldidagi sharafli burchini ado etishdagi xizmatlari uchun ularni munosib taqdirlash, xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, o‘z kasbining eng yaxshilarini aniqlash maqsadida tashkil etilgan tanlovning dastlabki bosqichida ishtirokchilar jismoniy va jangovar tayyorgarlik bo‘yicha belgilangan shartlardan o‘tdi.

Ishtirokchilarning bilim darajasini aniqlash maqsadida elektron test savollari ham o‘tkazildi. Xodimlarning intellektual koeffitsiyenti va individual psixologik qobiliyati darajasini aniqlashga qaratilgan savollar ham tanlov shartlaridan o‘rin oldi.

Yakuniy bosqichda ishtirokchilar o‘z sohalari bo‘yicha berilgan savollar bo‘yicha suhbatdan o‘tdi. Tanlov yakunida g‘oliblar aniqlanib, vazirlik tomonidan diplom hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri