O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida “O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sohasida gender tengligi” mavzusida xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Osiyo taraqqiyot banki va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik soha mas’ullari, tizimda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Seminar-treningdan ko‘zlangan maqsad va undan kutilayotgan natijalar haqida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Gender maslahat kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Hojimurodova O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Energetika vazirligi tomonidan yoqilg‘i-energetika sohasida xotin-qizlar rolini oshirish, ularga keng imkoniyatlar yaratish va xalqaro   miqyosda o‘zaro tajriba almashishini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda, –dedi F. Hojimurodova.  – Mamlakatimizda ham gender tengligi masalasi ham siyosiy, ham huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekistonda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangan. Ushbu hujjatda boshqaruvda xotin-qizlar sonini ko‘paytirish, ta’lim olishga imkoniyat yaratish, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshi kurashish nazarda tutilgan.

Xalqaro tashkilotlar ko‘magida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha turli dasturlar amalga oshirilmoqda. Ayni shunday e’tibor tufayli keyingi yillarda O‘zbekistonda gender tengligini targ‘ib qilish va energetika sohasida ayollar o‘rnini oshirish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishildi.

Shunga qaramay  ayollarning energetika sohasidagi ishtiroki hali kam. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika sanoatida xotin-qizlar atigi 8,6 foizni tashkil qiladi. Ya’ni, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida jami xodimlar soni 105 ming 971 nafardan iborat. Shundan 12 ming 238 nafari xotin-qizlar. Tizimda rahbarlik lavozimlarida 309 nafar ayol faoliyat yuritmoqda.

Aytib o‘tish kerakki, mazkur seminar OTBning O‘zbekistonning 2030 yilga qadar gender strategiyasini amalga oshirishga, energetika sohasida gender tengligini ta’minlovchi hamda siyosat o‘zgarishlari va inklyuziv qaror qabul qilinishini targ‘ib qiluvchi siyosat hamda me’yoriy hujjatlarni takomillashtirishga hissa qo‘shuvchi “Dekarbonizatsiya qilish uchun raqamlashtirish – elektr uzatish tarmoqlarini yaxshilash” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Unda gender institutsional kompetensiyasini rivojlantirish va energetika kompaniyalarida gender markazlari salohiyatini oshirish kabi mavzularda ham so‘z bordi.

Loyiha doirasida energetika kompaniyalari hamda ta’lim muassasalari o‘rtasida energetika sektori uchun bitiruvchi qizlarni tayyorlash masalalari, shu bilan birga, ularning ish joylarida sog‘lom muhit yaratish, xavfsizlik va inklyuzivlik muammolariga yechim izlanadi.

Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mas’ullari, Qozog‘iston va Saudiya Arabistoni energetika kompaniyalari, O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan 50 nafardan ortiq faol xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan ushbu muloqotda  eng ilg‘or tajribalar haqida fikr almashildi.

 

O‘zA muxbiri  

Nasiba Ziyodullayeva

yozib oldi