Joriy yilning 28 avgust – 2 sentyabr kunlari Germaniyada O‘zbek to‘qimachilik sanoati kunlari o‘tkaziladi.
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova bu haqda ma’lum qildi.
Ushbu haftalikni tashkil qilishdan maqsad mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga ko‘maklashish, Yevropa bozoriga kirishda yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va to‘qimachilik mahsulotlari eksportini kengaytirishga qaratilgan.
– Xalqaro tadbir “Germaniya-O‘zbekiston hamkorligi” loyihasi doirasida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilari konfederatsiyasi (Gesamtmache) va “Mangold Consulting” tomonidan O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilmoqda. Tadbirdan ko‘zlagan asosiy maqsad kichik va o‘rta biznes vakillariga tashqi bozorga chiqishda ko‘maklashish, o‘zbek to‘qimachilik sanoatidagi islohotlar, investitsiya va eksport salohiyati bilan tanishtirish, brend va riteyl kompaniyalar uchun yangi hamkorlik takliflarini taqdim etish va shu bilan birgalikda to‘qimachilik mahsulotlarini keng targ‘ib qilishdan iborat. Haftalik Shtutgart va Frankfurt shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Uning doirasida biznes forumlar, Germaniyaning yetakchi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalari, biznes turlar hamda riteyl kompaniyalari bilan V2V uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Asosiysi, tashrif buyuruvchi kompaniyalar uchun o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari mini ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Bu forum mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishishga ko‘mak beradi.
– Forum doirasida yangi tashkil etilgan O‘zbekiston-Germaniya “Barqaror paxta” uyushmasining taqdimoti va ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi, –dedi brifingda Sh. Qo‘chqorova.
Ushbu tadbirda 50 dan ortiq Germaniya kompaniyalari ishtirok etish istagini bildirgan. Germaniya to‘qimachilik mashinasozligi assotsiatsiyasi vakillari ham o‘zbek tomoni bilan hamkorlikka katta qiziqish bildirmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA muxbiri