Poytaxtimiz kundan kunga rivojlanmoqda. Aholi soni ham yildan yilga ko‘paymoqda. Bundan tashqari poytaxtga mehmonga yoki biror yumush bilan keluvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Tabiiyki, shaxsiy avtomobillar sonining keskin oshishi shahar ko‘chalarida tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda.
Ish joylari shahar markazida, yashash joyi esa shahar chetida va markazdan ancha uzoqda joylashganini hisobga olsak, o‘rtacha 10 km masofani bosib o‘tish uchun ertalab soat 08:00 – 10:00 oralig‘ida o‘rtacha 30-35 daqiqa sarf etiladi.
Toshkentdagi asosiy tirbandlik Olmazor metro bekati atrofi, Chilonzor tumanidagi katta chorrahalari, Shifokorlar ko‘chasi, Yunusobod tumanining “Mega planet” majmuasi atrofi, Ichki ishlar vazirligi qarshisidagi chorraha, Navoiy ko‘chasi, Abay ko‘chasi, Olmazor hokimiyati atrofidagi ko‘chalar, “Xalqlar do‘stligi” maydoni atrofidagi yo‘llarda yuzaga kelyapti.
Yana bir ma’lumot, respublikamiz bo‘ylab 3 milliondan ortiq avtomobillar harakatlanadi. 2022 yildagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtimizdagi avtomobil transporti vositalari soni 711 mingtani tashkil etdi. Toshkent shahri hududiga uning tashqarisidan kuniga o‘rtacha 165 mingdan ziyod avtotransport vositasi kirib-chiqishi kuzatilmoqda. Poytaxtimizda joriy yilda bir kunda 720 mingta avtomobil transporti vositalari harakatlanadi.
Bu esa poytaxt yo‘llarida harakatlanishda noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Birinchidan, atmosferaga zararli gazlarni chiqarsa, ikkinchidan tirbandliklarni hosil qiladi. Endilikda shu kabi tirbandliklarning oldini olish maqsadida poytaxtimizdagi avtomobil transporti vositalari eng ko‘p harakatlanadigan joylarda katta sig‘imli avtoturargohlar qurilishi rejalashtirilgan.
Poytaxtimiz metropoliteni oxirgi va serqatnov bekatlari yaqinida avtoturargohlar barpo etish ishlari boshlandi. Bu shaharda avtomobillar oqimini va tirbandlikni kamaytiradigan to‘xtash joyi bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, odamlar shaxsiy avtomashinasini u yerga qoldirib, jamoat transportiga o‘tishlari va qisqa muddatda manzillariga yetib borishlari mumkin.
Yaqinda davlatimiz rahbariga bu loyihalar taqdimot qilindi. Qayd etilganidek, ushbu avtoturargohlar shahar infratuzilmasini rivojlantirish barobarida odamlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
“Toshkentboshplan LITI” loyiha-izlanish instituti 1 darajali arxitektori Umid Fayziyev mazkur avtoturargohlarning barpo etilishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
– Tan olish kerak, Toshkent shahri rivojlangani sari aholi soni, ularning faolligi ham oshib bormoqda. Buni shaxsiy avtomobillar ko‘payib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Lekin shu bilan birga, shahar ko‘chalarida tirbandlik ham ortmoqda. Albatta, ushbu muammoni hal etishning yo‘li – jamoat transportini rivojlantirish, unda yurishni avtomobil haydashdan ko‘ra qulay qilish hisoblanadi. Shu maqsadda Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, Toshkent shahriga yangi avtobus va elektrobuslar olib kelindi. Yo‘lovchi tashish quvvati oshib, jamoat transportining oraliq vaqti qisqardi. Bosh reja ishlab chiqishda bizda asosiy muammo, bu transport muammolaridir. Asosiy e’tibor Toshkent shahrining markaziy qismidagi tirbandlikning oldini olishga qaratilgan.
Endilikda shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun Toshkent metropolitenining oxirgi va serqatnov bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etish rejalashtirilgan. Maqsad – odamlar shaxsiy avtomobilini shu yerda qoldirib, shahar ichkarisiga jamoat transportida borishiga sharoit yaratish.
Shahnoza Mamaturopova, Doniyor Yakubov
O‘zA