Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan joriy yil 19-20 avgust kunlari amaliy tashrif bilan Budapesht shahrida bo‘ldi. 

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yildan oshdi. O‘tgan davrda Vengriya O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, innovatsiya, irrigatsiya, turizm, ta’lim va ilm-fan sohalarida faol hamkorlik aloqalarini rivojlantira oldi, ishonchli hamkorga aylandi.

Tashrifning mohiyati, istiqboldagi rejalar va hamkorlik tahlili xususida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi Sherzod ҚУРБОNОVniнг fikr-munosabatiga qiziqdik:

– Oxirgi olti yilda O‘zbekiston va Vengriyaning tovar ayirboshlash hajmi uch barobarga oshdi. Bunday iqtisodiy yutuqlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Ayniqsa, Vengriyaning “Nungarisum” dasturi doirasida har yili o‘zbekistonlik talaba va doktorantlar ta’lim olishi uchun kvotalar soni 170 tagacha oshirilgani, ikki tomonlama hamkorlikning intellektual salohiyatiga mustahkam poydevor bo‘lmoqda, – deydi Sherzod Qurbonov. – Jumladan, jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi izlanuvchilarga “Stipendium Hungaricum” grant ta’lim dasturi taqdim etilgani, Etvosh Loran nomidagi ilmiy-tadqiqot tarmog‘i bilan hamkorlikda Vengriyaning yetakchi ilmiy muassasalari laboratoriyalarida ilmiy stajirovkalar yo‘lga qo‘yilgani  muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, siyosiy sohalarda ham o‘zaro hamkorlik ko‘lamli kengayib bormoqda. Xususan, 2020 yildan buyon O‘zbekiston Oliy Majlisi va Vengriya Milliy majlisi hamkorligida tuzilgan parlamentlararo do‘stlik guruhlari samarali faoliyat olib borayotgani fikrimiz dalili.

Ta’kidlash joizki, 2020 yilda ikki tomonlama erishilgan kelishuvlarda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etilishi, faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan alohida sanoat zonasini yaratish va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan jihozlash amaliyoti bugun o‘z samarasini berdi. Mazkur loyihalarga umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritish bo‘yicha  kelishuv imzolangan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni jadal rivojlantirish, sarmoyadorlarni o‘zaro manfaatli loyihalarga jalb qilish maqsadida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Natijada Yevropaning yetakchi “OTP” banki va Vengriya ishbilarmonlari bilan birinchi yirik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Buni “Ipoteka bank”ni xususiylashtirishga oid bitimda ko‘rish mumkin. Bunday kelishuvlar bank-moliya sohasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish, biznes uchun innovatsion va arzon mahsulotlarni joriy etishni kengaytirishda iqtisodiy asos bo‘ladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining katta qismini xalq xo‘jaligining turli jabhalari tashkil etadi. Aytaylik, sanoat kooperatsiyasi qishloq xo‘jaligining ustuvor tarmoqlaridan bo‘lib, joylarda aholi uchun barqaror ish o‘rinlari va daromad manbaiga aylanmoqda. Tashrifda ana shunday qo‘shma loyihalarning real moliyaviy vositalari institutsional joriy qilinishi belgilab olindi.

Hamkorlik samarasi o‘laroq, so‘nggi 6 yil ichida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi savdo saldosi 2,8 baravardan oshdi, toj virus pandemiyasining salbiy ta’siriga qaramay, 2020 yilda ham o‘sish kuzatildi.

2021 yilda esa O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 114,8 million, eksport – 1,1 million, import – 113,7 million dollarni tashkil etdi. Shu davrda O‘zbekiston tovar aylanmasining umumiy hajmida Vengriyaning ulushi 0,3 foiz, eksport – 0,01 foiz, import – 0,4 foizni hosil qildi.

2022 yilning II, III choragida esa O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi savdo hajmi 60,3 million dollardan ortdi, shundan eksport – 3,1 million dollarni, ya’ni 5 foizni, import – 57,2 million dollarni ya’ni, 95 foizni ko‘rsatdi.

Vengriya iqtisodiyotiga ta’rif 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi Sherzod Qurbonov tahlilini davom ettirar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:

– Vengriya globallashuv sharoiti va Yaqin Sharqda davom etayotgan sovuq urushlar oqibatida har qancha taraqqiy etmasin, 2022 yilning ikkinchi yarmida yalpi ichki mahsuloti tushib ketdi. Boz ustiga, inflyatsiya yuqori sur’atlarda o‘sdi. Chunki iqtisodiyot yuqori tovar narxlari, zaif tashqi talab va qiyin moliyalashtirish shartlariga duch keldi. Olib borilgan samarali iqtisodiy kurash natijasida mamlakatda energiya narxining pasayishi va kutilayotgan inflyatsiya 2023 yilning ikkinchi yarmidan boshlab bosqichma-bosqich tiklanishga qarab yuz tutdi.

Eksport hajmi 2023 yilda sekinlashishi, ammo 2024 yilda tashqi talabga muvofiq davom etayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etilishi kutilmoqda. Boshqa tomondan esa ichki talabning zaiflashishi prognoz davrida importni ushlab turish va sof eksportning YAIM o‘sishiga ijobiy hissa qo‘shishini ta’minlaydi.

Vengriyada so‘nggi choraklardagi iqtisodiy pasayish davrida ishchi kuchiga bo‘lgan talab barqaror bo‘lib qoldi va ishsizlik darajasi 2023 yilning I choragida atigi 4,1 foizga o‘sdi. 2023 yilda o‘rtacha 4,2 foizgacha ko‘tarilishi, keyin esa 2024 yilda 4,0 foizgacha tushishi bashorat qilinmoqda.

Bundan tashqari, YAIM inflyatsiyasi 2022 yil dekabr oyida motor yoqilg‘isi narxlari chegarasi bosqichma-bosqich bekor qilingandan so‘ng 2023 yil I choragida 25,9 foizga yetgan. Inflyatsiya darajasi keyingi choraklarda bazaviy ta’sirlar, tovar narxining pasayishi, so‘nggi valyuta kursi va zaif iste’mol talabi bilan bog‘liq. Yillik o‘rtacha inflyatsiya darajasi 2022 yilda 15,3 foiz bo‘lgan. 2023 yilda 16,4 foizgacha o‘sishi va keyin 2024 yilda 4,0 foizga tushishi kuzatilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, mamlakatimizning iqtisodiy hamkori Vengriya yuritayotgan oqilona iqtisodiy siyosat yuqorida qayd etilgan xavotirlarni asossizlantiradi va mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy, oziq-ovqat xavfsizligini saqlash va demografik muammolarni hal qilishga yordam beradi.

Qo‘shma korxonalar xalqaro obro‘ 

Bugungi kunda O‘zbekistonda Vengriya kapitali ishtirokida 16 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan. Vengriyaning “Bonafarm”, “KITE”, “Meditop”, “Gedeon Richter”, “MOL Group” kabi yetakchi kompaniyalari bilan energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiy asbob-uskunalar va plastmassa mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoatida investitsiya loyihalari shakllantirilmoqda.

Har doim oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, hosildor urug‘chilikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent viloyatida Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti bilan hamkorlikda kartoshkachilik bo‘yicha O‘zbekiston – Vengriya ilmiy markazi tashkil etilgan. Mazkur ilmiy markazda Vengriya navlarini sinovdan o‘tkazish, urug‘lik kartoshka yetishtirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani quvonarli.

Muzokaralarda real kelishuvlar 

Oliy darajadagi uchrashuvlarda pul-kredit siyosatida tajriba almashish va banklar faoliyatini integratsiyalashtirish, shuningdek, investitsiya, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Rasmiy tashrifning yana bir eng muhim qismi Budapesht shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning uchrashuvi bo‘ldi.

Ikki turkiy davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikning jadallashuvi mamlakatlar iqtisodiy saldosida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari yuqorilab borayotgani, joriy yilning 1 iyulidan boshlab Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim kuchga kirgani va qo‘shma korxonalar soni 2,5 mingdan oshgani alohida qayd etildi.

Mazkur raqamlar bizga oddiydek tuyulishi mumkin, bu yerda 2,5 mingta ishchi emas, ikki yarim mingta qo‘shma korxona haqida gap boryapti. Bu, o‘tgan olti yilda O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli iqtisodiy sherik sifatida bir-birini qo‘llab kelganini ko‘rsatadi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston – Vengriya – Turkiya davlat rahbarlari mintaqadagi bozorlarga mahsulotlar yetkazib berishni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika, kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda vengr tajribasidan foydalangan holda aniq loyihalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Bunday amaliy uchrashuvlar xalqlarimiz turmush tarzini bundan-da yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, bozorlarimizni kengaytirish, ta’lim-fan sohalarida kadrlar tayyorlashni samarali tashkil etish va iqtisodiy ittifoqdoshlikni barqaror saqlashga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV

yozib oldi.