Shu yilning 21-25 avgust kunlari Rotterdam (Niderlandiya) shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro kutubxonalar assotsiatsiyalari federatsiyasi (IFLA)ning 88-Bosh konferensiyasi va assambleyasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasidan direktor Umida Teshaboyeva boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro tadbir jahondagi kutubxonalar, axborot markazlari, nashriyotlar, kitob savdosi va obuna agentliklari, ta’lim muassasalari, muzeylar, arxivlar direktorlari va mutaxassislari uchun mo‘ljallangan nufuzli konferensiyadir.

Konferensiya doirasida turli tanlov va tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, “Poster competition”  (“Posterlar tanlovi”) o‘tkazildi. Ushbu Posterlar tanlovida dunyodagi 1000 dan ortiq axborot-ta’lim muassasalari ishtirok etib, ulardan 120 ga yaqini tanlovda g‘olib bo‘ldi.

Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ham mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish va  targ‘ib etishda amalga oshirilgan loyihalarning taqdimotini o‘tkazdi va g‘oliblar safidan joy oldi.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot xizmati xabar qilmoqda.

 

N.Usmonova,  

O‘zA