Zamonaviy tibbiyotni hamshiralarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Eng ilg‘or texnologiyalarga asoslangan amaliyotlarni o‘tkazishdan tortib, operatsiyadan keyingi bemor parvarishi, laboratoriya diagnostika sohasi, shoshilinch va tez tibbiy xizmat yo‘nalishlari, bir so‘z bilan aytganda sifatli va kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatishda ushbu kasb egalarining o‘rni beqiyos. Shu bois, mamlakatimizda olib borilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlar jarayonida hamshiralik ishini jahon talablari asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 20 iyundagi tegishli qarorida Chilonzor tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi negizida tibbiyotimiz tarixida ilk bor Hamshiralar akademiyasi tashkil etilishi belgilangan edi. Shundan so‘ng mazkur yangi muassasada Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti hamshiralik ishi fakultetini ochish bo‘yicha ushbu davlat Prezidenti tomonidan ham tegishli qaror qabul qilindi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlik uchun nega aynan Turkiya tanlandi?
Gap shundaki, bugun mazkur mamlakat tibbiyoti dunyoda eng yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ayniqsa, yuqori texnologik operatsiyalar, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy ta’lim va raqamli tibbiyot kabi qator yo‘nalishlarda ushbu yurtdan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p.
Shu sababdan ayni paytda ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida ilg‘or ta’lim standartlari asosida yetuk va malakali hamshiralar tayyorlash, ularni o‘qitish va malakasini oshirish yo‘nalishida qator loyihalar izchil amalga oshirilyapti. Buning natijasida o‘zbek hamshiralari mazkur mamlakatning yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlarida tajriba orttirib, o‘z bilim va malakalarini yurtimiz tibbiyot tizimini yanada rivojlantirishga yo‘naltirmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, ana shunday ezgu ishlarning davomi sifatida so‘ngi bir oyda reanimatsiya va anesteziologiya, jarrohlik amaliyotlari yo‘nalishlari bo‘yicha 20 nafar o‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari Turkiya davlatiga malaka oshirish uchun yuborildi. Samarqand, Andijon, Navoiy, Sirdaryo va Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar safar davomida Anqaradagi Bilkent shahar kasalxonasida bo‘lib, u yerdagi davolash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Bugungi kunda mazkur shifoxona dunyoda kattaligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda, Yevrosiyo mintaqasida esa birinchi o‘rinda turadi. Markaz yetti korpusdan iborat bo‘lib, neyroxirurgiya va ortopediya, qon tomirlar, kuyishlar, ginekologiya, onkologiya va shoshilinch yordam kabi bo‘limlarda 4 ming 50 ta o‘rin-joy, 3 ming 240 ta palata tashkil etilgan. Qolaversa, muassasada 131 ta jarrohlik xonalari mavjud bo‘lib, bu yerda yiliga 150 mingta murakkab jarrohlik va noyob operatsiyalar o‘tkaziladi. Ayni paytda shifoxonada 2 ming 982 nafar shifokor va 5 mingdan ortiq hamshira faoliyat ko‘rsatmoqda.
Safar davomida dastlab o‘zbek hamshiralari guruhlarga bo‘lingan holda zamonaviy, an’anaviy, laparoskopik va endoskopik operatsiyalarda qatnashib, tajribalarini orttirdi.
Hamshira Parvina Rufiyeva malaka oshirish davomida juda ko‘p yangi bilimlarga ega bo‘lganini aytadi.
– Tibbiy jihozlarni birlamchi va ikkilamchi sterilizatsiya qilish, bemorlarni jarrohlik amaliyotiga tayyorlash, operatsiya davri va amaliyotdan so‘ng reabilitatsiya jarayonlari bo‘yicha yetakchi mutaxassislaridan soha sir-asrorlari o‘zlashtirdik, – deydi P.Rufiyeva. – Bundan tashqari bemorlarni davolash, zamonaviy tibbiy jihozlardan foydalanish va ularni qo‘llash borasida ham zarur bilimlarga ega bo‘ldik.
Tajriba almashish jarayonlari nazariy va amaliy qismlarni o‘z ichiga olib, bu esa o‘zbek hamshiralarining kasbiy malakasini yanada oshirishga xizmat qildi. Quvonarlisi, endilikda ular o‘rgangan amaliy ko‘nikma va bilimlarni o‘zlari faoliyat olib borayotgan tibbiyot muassasalaridagi hamkasblariga o‘rgatish orqali tibbiyotimiz rivojiga hissa qo‘shadi.
– Ularning ish tartibi, ko‘nikmalari, qo‘llanmalari, shart-sharoitlari barchasi biz uchun yangilik bo‘ldi. O‘rganganlarimizni nafaqat o‘zimizning viloyatimizda, balki boshqa viloyatlarda ham tatbiq etishga tayyormiz, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi katta hamshirasi Sevara Almamedova.
Ta’kidlanganidek, xorij mamlakatlari bilan hamshiralar tayyorlash ishlari endigina boshlandi va bu jarayonlar bundan keyin ham muntazam davom etadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA