Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim muassasalari tomonidan talabalardan ortiqcha hujjatlar talab qilinayotgani haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2021 yil 24 iyuldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlariga asosan aholidan ayrim hujjatlar va ularning nusxasini talab qilish bekor qilingan.
Jumladan, shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasini, shaxsning belgilangan shakldagi fotosuratini, jismoniy shaxs tomonidan o‘rta maxsus, professional (kasb-hunar) ta’lim muassasasi yoki umumiy o‘rta ta’lim muassasasi (11-sinf negizida) tugatilganligini, kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar (hujjatlar) ni hamda soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni (STIR), oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlarni talab qilish bekor qilingan.
Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ushbu hujjat va ma’lumotlarning talab qilinishi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblanadi. Ushbu hujjatlarni talab qilgan davlat idoralari javobgarlikka tortiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA