Farmatsevtika sanoati sog‘liqni saqlash tizimining muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, ushbu sohaning rivojlanish darajasi aholining hayot sifati ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir qiladi. O‘zbekiston farmatsevtika bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi ham aholi salomatligi yo‘lida yurtimiz bozoriga sifatli, ishonchli va arzon dori vositalari hamda tibbiyot buyumlarini olib kirayotgan, ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tashkilot sanaladi.
Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
– Tizimda 1 avgust holatiga ko‘ra, 1747 ta ijtimoiy dorixona va dorixona shoxobchalari faoliyat yuritadi, – deydi “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdug‘ani Komilov. – Ushbu dorixonalarning 1143 tasi yoki 65 foizi qishloq hududlarida joylashgan. Shuningdek, maxsus jihozlangan avtomobillarda 95 ta ko‘chma dorixona tashkil etilgan. Bu ko‘chma dorixonalar mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan jadval asosida respublikamizning chekka va dorixona mavjud bo‘lmagan hududlaridagi aholiga kerakli dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib beradi.
Ta’kidlanganidek, “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va uning hududiy bo‘linmalari turli tizimdagi davolash-profilaktika muassasalarining asosiy ta’minotchisidir. Xususan, 2023 yilning olti oyi davomida Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli davolash profilaktika muassasalariga 83,6 mlrd. so‘mlik, boshqa davolash profilaktika muassasalariga 14 mlrd. so‘mlik, xususiy sektorga 32,1 mlrd. so‘mlik, harbiy davolash muassasalariga 9,3 mlrd. so‘mlik, QVP va QOPlarga 39,3 mlrd. so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazib berilgan.
Davlat buyurtmasi asosida xorijlik hamkorlar bilan shartnomalar imzolagan holda, 2020 yilda 1 300 000 doza, 2021 yilda 3 668 000 doza, 2022 yilda 2 347 000 doza grippga qarshi vaksina olib kelingan. Joriy yilda ham 2 100 000 doza vaksina olib kelish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kompaniya tomonidan 2022 yilda 955 145 flakon, 2023 yilning 6 oyida 422 917 flakon insulin kirim qilingan.
Imtiyozli ta’minlanish huquqiga ega bo‘lgan bemorlarga kompaniya tizimidagi dorixonalar orqali 2022 yilda 523 ming 915 ta retsept orqali 27,1 mlrd. so‘mlik, joriy yilning 6 oyi davomida 233 ming 83 ta retsept orqali 12,3 mlrd. so‘mlik dori vositasi va tibbiyot buyumlari bepul berildi.
Kompaniyaning 2023 yil olti oyi davomida umumiy tovar aylanmasi 371,2 mlrd. so‘mni, shundan ulgurji tovar aylanmasi 262,8 mlrd. so‘mni, chakana tovar aylanmasi 108,4 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Mohigul Qosimova,
Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA