O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mustaqilligimizning 32 yilligiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida taniqli shoir va jurnalist Farmon Toshevning “Asad bayozi”, “Sunbula bayozi”, “Mezon bayozi”, “Javzo bayozi” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Farmon Toshev eng faol, kattayu kichikka birdek kuyinchak, ma’rifatparvar jadid bobolarimizning ishlarini faol davom ettirayotgan, tolmas ijodkor ekanini ta’kidladi.

–Samarqand adabiy muhiti milliy adabiyotimizga durdona asarlar bergan, hazrat Navoiyning duolari yetgan mo‘’tabar muhitdir, – dedi atoqli adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – Farmon aka faol va ibratli ijod qilayotgan, she’rlarida tafakkur va taxayyul mujassam bo‘lgan ijodkordir. Uning yangi nashr etilgan “Asad bayozi”, “Sunbula bayozi”, “Mezon bayozi”, “Javzo bayozi” nomli kitoblari bevosita tabiat bilan bog‘liqligi, hijriy-shamsiy yilning oy nomlari bilan atalishi diqqatga sazovor. Zero, tabiat eng yaxshi ilhom manbaidir. Ushbu kitoblarda g‘azal, ruboiy, masnaviy, muxammas, fard, musaddas kabi janrlar kirgani ijodkorning mumtoz she’riyat namunalarini puxta egallagani, mumtoz she’riyatga  munosib tarzda ijod qilishga intilayotganini anglatmoqda. Asarlarda tabiat va jamiyatning o‘zaro uyg‘unligi she’riyatga ziynat bag‘ishlaydi. Mazkur asarlar millat ruhini, bugungi kun nafasini ifoda etgani bilan ahamiyatlidir.

–Bu taqdimot Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlanib, “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov. – Bugun barchamiz mamlakatimizda kechayotgan voqealarning faol ishtirokchisimiz. Shu ma’noda joylarda Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab yozuvchi va shoirlar ishtirokida o‘tayotgan tadbirlar ijod ahliga bo‘lgan e’tiborning namunasidir. Farmon aka bilan ellik yillik do‘stmiz. Shu davr mobaynida Farmon aka oddiy muxbirlikdan atoqli shoir, yozuvchi va dramaturg darajasigacha yetdi. Farmon akaning ijodi faqatgina hozir taqdimoti bo‘layotgan to‘rtta kitob bilan belgilanmaydi. Farmon Toshev o‘quvchilar ko‘nglidan joy olgan hikoyalar, povestlar, yirik nasriy asarlar muallifi sifatida shakllangan yozuvchidir. Uning birgina “Hokim” hikoyasini o‘qigan odam uning qobiliyati, iste’dodi, voqealarni qanday badiiy tahlil etish mahoratini anglaydi.

Taqdimot tadbirida taniqli adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi atoqli shoir Rustam Musurmon, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Abdurazzoq Obro‘yev, shoira Sayyora To‘ychiyeva va boshqalar ustoz ijodkor Farmon Toshevning ijodi, yangi kitoblari xususida batafsil so‘z yuritdi.

–Ijodkorning yozganlariga munosabat bo‘lsa, u o‘ziga yanada talabchanroq yondoshadi, – dedi uchrashuv yakunida Farmon Toshev. – Shu ma’noda bugungi uchrashuv bir ijodkor sifatida yana nimalarga ahamiyat qaratish zarurligini anglatadi.

Taqdimot tadbirida taniqli ijodkor Farmon Toshevning ijodiga oid uchrashuvlarni, yangi kitoblari taqdimotini  oliy o‘quv yurtlarida, mahallalarda, kutubxonalarda o‘tkazishga oid fikrlar bildirildi.

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri