Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident huzuridagi Statistika agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda xalqaro axborot almashinuvi va xalqaro reytinglarda erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalining yangilangan zamonaviy talqini ishlab chiqildi. Bugungi kunda portalda 8,5 mingdan ortiq ma’lumotlar to‘plamlari uch tilda joylashtirilgan bo‘lib, o‘z vaqtida yangilab borilmoqda. Portal boshqa tashkilotlar saytlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinmoqda.

Shuningdek, portal faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Statistika agentligi Open Data Watch tashkiloti, YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Jahon banki va boshqa yirik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelinmoqda.

Statistika sohasida qabul qilingan xalqaro tavsiyalar va standartlarni Milliy statistika tizimiga joriy qilish, xalqaro tajribani o‘rganish va tizim faoliyatini doimiy ravishda takomillashtirib borish maqsadida 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar hamda 11 ta xorijiy davlatlar statistika idoralari bilan faol xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Natijada, O‘zbekiston Open Data Inventory (ODIN) ochiq ma’lumotlar reytingida 195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan 30-o‘ringa ko‘tarildi hamda Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni saqlab qoldi. Open Data Inventory (ODIN) – milliy statistika idoralari tomonidan yuritiladigan veb-saytlar hamda hukumat rasmiy veb-saytida taqdim etilgan ma’lumotlarning qamrovi va ochiqligini baholaydi. Shuningdek, rasmiy statistika kamchiliklarini aniqlash, ochiq ma’lumotlar siyosatini ilgari surish, milliy statistika organlari bilan ma’lumotlardan foydalanuvchilar o‘rtasida muloqotni yaxshilash va ochiqlikni baholaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining tashqi savdo statistikasi bo‘yicha ma’lumotlar bazasi “COMTRADE” va YUNISEFning “TRANSMONEE” axborot tizimlariga integratsiya amalga oshirildi.

ODIN 2023 yildan boshlab Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indikatorlari qatoriga kiritildi. Bu, o‘z navbatida, reytingning nufuzi oshishiga va 2030 yilga qadar BRM maqsadlariga erishishni monitoring qilishda mamlakatlarning ochiq ma’lumotlardan kengroq foydalanilishiga olib keladi. Binobarin, ODIN ochiq ma’lumotlar reytingi baholashlari shaffof va ochiq holda o‘tkaziladi hamda bunda mamlakatlarning o‘zlari ham mazkur jarayonlarda o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan holda qisman ishtirok etadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan 2023 yilda e’lon qilingan BRM (SDG index) reytingida O‘zbekiston 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69 o‘rinni egalladi. Bu natija 2022 yilga nisbatan 8 pog‘onaga oshgan. 2022 yilda O‘zbekiston 69,9 indeks bilan 77 o‘rinda qayd etilgan edi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA