“Volontyor” so‘zi fransuzcha “volontaire” so‘zidan olingan bo‘lib, “ixtiyoriy”, “o‘z xohishiga ko‘ra ish qiluvchi” degan ma’nolarni anglatadi.

Dunyo bo‘ylab volontyorlik harakati keng tarqalgan. Volontyorlar qayerda odamlarga, jamiyatga ko‘mak kerak bo‘lsa, o‘sha yerda hozir bo‘lishga harakat qiladi.

Ijtimoiy sohalardagi va ekologik muammolarga qarshi kurashish uchun tuzilgan volontyorlik harakatining qamrovi kengligini kuzatish mumkin.

O‘zbekistonda ham volontyorlik rivojlanib bormoqda. Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilgan volontyorlik harakati mavjud bo‘lib, unga ko‘proq talabalar a’zo bo‘lgan. Ular turli tadbirlar tashkil etib, odamlarni ogohlikka chaqirish, aholi  gavjum joylarda odam savdosidan ogoh etuvchi bukletlar tarqatish bilan shug‘ullanadi.

Ekoharakat yo‘nalishida ham volontyorlar bor va ular tabiatni asrash, daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olishga harakat qilib kelmoqda.

Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda volontyorlikka oid huquqiy asoslar yaratilgan.

2019 yil 2 dekabrda qabul qilingan “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bilan volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlar tartibga solindi.

Qonunga ko‘ra, volontyorlik – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, jamoat uchun foydali bo‘lgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi.  Volontyorlik faoliyati qonuniylik, insonparvarlik, tenglik, ixtiyoriylik, beg‘arazlik prinsiplariga asoslanadi.

Volontyorlik faoliyati yakka tartibda, volontyorlar guruhi tarkibida hamda volontyorlik tashkiloti orqali amalga oshiriladi. 18 yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini, basharti bu faoliyat ularning sog‘lig‘iga hamda axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va o‘quv jarayonini buzmasa, amalga oshirishi mumkin.

Volontyorlik faoliyatining maqsadi jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman, jamiyatga yordam ko‘rsatish. Atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarni tashkil etuvchilarning roziligi bilan unda ishtirok etadi. Jamiyatda fuqarolik nuqtai nazarini, o‘zini o‘zi tashkil etishni, ijtimoiy mas’uliyat, birdamlik, o‘zaro yordam berish va rahm-shafqat tuyg‘ularini shakllantiradi.

Mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishga oid huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lsa-da, ularni  qo‘llab-quvvatlash masalasi e’tibordan chetda qolayotgan edi.

Qolaversa, xayrli, ezgu maqsadlarni vijdon amri bilan bajaruvchi volontyorlarni rag‘batlantirish, davlat organlarining volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi sub’ektlar bilan hamkorligini kuchaytirish jamiyat uchun faqat foyda keltiradi.

Shu maqsadda “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

2023 yil 19 avgustda kuchga kirgan mazkur qonun bilan Vazirlar Mahkamasiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha vakolatlar berildi.

Qonun bilan Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda volontyorlik guruhlari a’zolarining 80 foizini yoshlar tashkil etadi.

Qonunga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi. Maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi. Volontyorlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi.

Qonunda Yoshlar ishlari agentligi va barcha darajadagi ijro organlarining vakolatlari aniq belgilandi. Endigi masala volontyorlik faoliyatini rivojlantirish borasida jamiyat ham, davlat idoralari ham barcha birdek harakat qilishidir. Bu aholi, ayniqsa, yoshlar orasida xayrli tashabbuslar ko‘payishiga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA