Bugun AOKAda “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va issiqxona gazlarini qisqartirish borasida olib borilayotgan loyihalar va amaliy chora-tadbirlar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Shahzod Islomov “yashil iqtisodiyot” va barqaror o‘sish tamoyillari asosida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, bunda iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirini kamaytirish va unga moslashish masalalari muhim ekanini qayd etdi.
–Shu talablardan kelib chiqib, energetika sohasida, xususan, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish, iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yangi moliyaviy vositalar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, Jahon banki bilan birgalikda Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimining 6-moddasiga muvofiq, qisqartirilgan issiqxona gazlari (SO2 – uglerod)ning xalqaro savdosi mexanizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 avgustdagi “Jahon banki ishtirokida “Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlandi. Bunda Jahon banki huzuridagi “Uglerod aktivlari transformativ fondi” moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston hukumatiga uglerod bozorida ishtirok etishda ko‘maklashish loyihasi doirasida 46,2 million dollarlik mablag‘larni 2023-2028 yillar davomida jalb qilish ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyiha 2 ta komponentdan iborat bo‘lib, birinchi komponentda kamaytirilgan emissiyani sotib olish shartnomasi doirasida 20 million dollar miqdorida mablag‘ jalb qilinadi. Ikkinchi komponent bo‘yicha yumshatish natijalarini sotib olish shartnomasi doirasida 25 million dollar miqdoridagi mablag‘ ajratiladi, – dedi Sh.Islomov.
Shuningdek, brifingda vazirlik boshqarma boshlig‘i O‘zbekistonning issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha Parij bitimi doirasidagi majburiyatlari bajarilishi ustidan doimiy monitoringni yo‘lga qo‘yish, korxonalar tomonidan atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlarini xisoblash, “yashil energetika” sohasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini baholash maqsadida MRV tizimi ishlab chiqilayotganini ham aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, MRV tizimi doirasida issiqxona gazlarining barcha darajadagi manbalari ustidan doimiy monitoring o‘rnatiladi va ularning emissiyasini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab boriladi.
Shu bilan birga, “yashil energetika” tarmog‘ini yanada rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada kengaytirish maqsadida “yashil energiya sertifikatlari” tizimi tatbiq etilayotir. Xalqaro tan olinadigan “yashil” sertifikatlar tizimini joriy qilishga ko‘maklashish uchun Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash xalqaro jamg‘armasi (I-REC) bilan kelishuvga erishilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA