O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Transport vositalarida tashishda harakat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, bir qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi.
Jumladan, avtobus haydovchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish qurilmalari (taxograf) bilan jihozlangan hamda yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatish uchun tegishli hujjatlari mavjud bo‘lgan (avtomobil transportida yo‘lovchilarni muntazam yo‘nalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma va litsenziya) avtobuslarda shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tungi vaqtlarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz tashishga ruxsat beriladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashuvchi avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti tabellar, yo‘l varaqlari, chiptani hisobga olish varaqlari taxograf ko‘rsatkichiga asosan hisobga olinadi.
Qarorga muvofiq, Transport vazirligi axograflarni o‘rnatish, qiyoslash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va tamg‘alash bo‘yicha faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning onlayn reyestrini shakllantirib, Transport vazirligi yagona interaktiv axborot portaliga joylashtiradi va muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish qoidalarini buzish, yo‘lovchilarni tashuvchi avtotransport vositalari haydovchilarining mehnat va dam olish rejimiga rioya etmaslik holatlari yuzasidan bayonnoma tuzish va ma’muriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab inspektorlar mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish uchun zarur qurilmalar bilan ta’minlanadi.
Qarorda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining sochiluvchan (qadoqlanmagan) qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, qurilish va maishiy chiqindilarni, shuningdek, boshqa to‘kiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari) yuklarni N, OZ va 04 toifadagi bortli va o‘zi ag‘daruvchi avtotransport vositalarida majburiy tartibda amaldagi standartlar asosida brezent (zichligi 660 g/m2 dan kam bo‘lmagan) yoki polivinilxlorid qoplamali (zichligi 900 g/m2 dan kam bo‘lmagan) materiallardan tayyorlangan tent bilan bort sathidan oshirmasdan va bortga mustahkam qotirilib, yuza qismi to‘liq yopilgan tarzda tashish belgilangan.
2023 yil 10 sentyabrdan boshlab temir yo‘l transportida mahalliy yuklarni (tosh ko‘mir, qo‘ng‘ir ko‘mir, koks, ma’dan va ma’dan konsentratlari) ichki yo‘nalishlarda ochiq turdagi vagonlarda bortidan oshirib yuklanganda, yukni tashishda amaldagi standartlar asosida brezent (zichligi 660 g/m2 dan kam bo‘lmagan) yoki polivinilxlorid qoplamali (zichligi 900 g/m2 dan kam bo‘lmagan) materiallardan tayyorlangan tent bilan qoplangan holda tashish tartibi joriy etiladi.
Transport vazirligi 2024 yil 1 martga qadar ushbu qaror asosida transport vositalarida tashish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar amaliyotda qo‘llanilishini tahlil qilib, zaruratga ko‘ra, ularni takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi mumkin.
O‘zA