Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Niderlandiyaning “Inspestor Research System BV” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Niderlandiyaning mazkur kompaniyasi asosan mikrobiologik diagnostika uskunalari va materiallarini ishlab chiqarish, tibbiyot sohasida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. Innovatsion yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning asoschisi Elbert Josselin de Jong Miqdoriy nur flyuoressensiyasi (QLF-Quantitative light fluorescence) texnologiyasining asoschisi bo‘lib, u tishlar kariyesi va tishlar ustidagi bakteriyalarning rivojlanishini erta davrlarda aniqlashga yordam beradi.
Memorandum doirasida “Inspestor Research System BV” kompaniyasi tomonidan Markaz tinglovchilari, professor o‘qituvchilarining malakasini oshirishga, turli xil ilmiy grant loyihalari va ishlab chiqarish jarayonida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
M.Qosimova, O‘zA