Hokim yordamchilari uchun “Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tajribasi” mavzusiga bag‘ishlangan onlayn seminarga start berildi.
Seminar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi, Xitoydagi kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi va BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
Joriy yil 21-25 avgust kunlari o‘tkaziladigan seminarda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ullari, vazirlikning hududlardagi boshqarmalari va bo‘limlari xodimlari hamda 9 ming 222 nafar hokim yordamchilari ishtirok etmoqda.
Seminarning ochilishida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, Xitoydagi kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi direktori Lyu Junven, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi Farhod Arziev va boshqalar so‘zga chiqdi.
Seminar Prezidentimizning 2023 yil 12 iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil qilindi.
Ma’lumki, Xitoy Xalq Respublikasi dunyo mamlakatlari o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish sohasida yetakchi mamlakat hisoblanib, hukumat tomonidan amalga oshirilgan ishlar kambag‘allik ustidan g‘alaba qozonishga olib kelgan.
Bugungi kunda Xitoydagi kambag‘allik darajasi 0,5-1 foizni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 20 asrning 70-80-yillarida 70 foizdan yuqori bo‘lgan. Bu esa mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilgan manzilli ishlarning yuqori samaradorligini bildiradi va jahon hamjamiyati uchun bebaho tajriba sifatida e’tirof etiladi.
Mazkur seminarning maqsadi ishtirokchilarga Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish sohasida amalga oshirgan chora-tadbirlari, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘llanilgan manzilli instrumentlari va kambag‘al aholi qatlamlari bilan individual tarzda ishlash mexanizmlari kabi tajribasini o‘rgatish hisoblanadi.
Seminarni tashkil etish natijasida hududlardagi barcha hokim yordamchilarida kambag‘allikni qisqartirish tushunchasi va unga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tajriba kabi ko‘nikmalar shakllantiriladi.
Jumladan, hokim yordamchilari kambag‘al oilalar bilan ishlash, ularning xohish va istaklarini aniqlash, ishsiz aholi qatlamlarining aniq istaklaridan kelib chiqib ularni kasb-hunarga o‘qitish uchun yo‘naltirish, tadbirkorlikka jalb etish yo‘llarini o‘rganadi.
Shuningdek, ishtirokchilarga Xitoyning mahalla darajasida kichik sanoat va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi ishlab chiqarish liniyalari hamda yordam turlarini diversifikatsiya qilish kabi tushunchalar ham o‘rgatiladi.
Seminar yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar test sinovlaridan o‘tkaziladi.
O‘zA