Axborot texnologiyalarni shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda pedagoglarning ushbu yo‘nalish bo‘yicha kasbiy malakasini muttasil oshirib borish zarur.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan bir qator xorijiy tashkilotlar ko‘magida informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha darslik va o‘quv – metodik adabiyotlar mahalliylashtirildi.
Ushbu darsliklardan foydalanish yuzasidan mamlakatimizning 500 nafar informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari uchun mahorat darslari tashkil etildi.
Treningning ilk bosqichi shu kunlarda respublikamizning 14 hududidan kelgan 30 nafar o‘qituvchi uchun Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda.
Treningning ikkinchi bosqichi 28 – 30 avgust kunlari viloyatlardagi pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida tashkil etiladi. Unda malaka oshirgan 30 nafar trener – o‘qituvchi saboq beradi. Ushbu mahorat darslarida 470 nafar o‘qituvchiga yangi darsliklardan foydalanish tushuntiriladi.
Shuningdek, informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari uchun yangi darsliklardan foydalanish bo‘yicha videokurslar ham ishlab chiqildi.
Abdulla Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rganish milliy tadqiqot institutining LSM maxsus platformasiga joylashtirilgan video kurslarni o‘qituvchilar onlayn o‘qish imkoniyatiga ega.
N.Usmonova, O‘zA