Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Falastin Tashqi ishlar va muhojirlar vaziri Riyod Malkini qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Falastin o‘rtasidagi ko‘p tomonlama, xususan, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalar hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat davomida savdo-iqtisodiy munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan ekanligi, shu nuqtai nazardan qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Senat raisi turli darajalarda o‘zaro tashriflarni tashkil etish va tajriba almashish orqali Falastin va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar salohiyatini kuchaytirish taklifini bildirdi.

Jumladan, ikki davlat parlamentlari o‘rtasida konstruktiv muloqotni o‘rnatish va parlamentlararo yaqin aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Bunda tegishli qo‘mitalar o‘rtasida tomonlarni qiziqtirgan o‘zaro manfaatli sohalarda muloqot o‘rnatish, parlamentlararo aloqaning muhim mexanizmlaridan biri hisoblangan “do‘stlik guruhlari”ni shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.

Bu nafaqat davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarni chuqurlashtirish, balki siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni izchil va samarali tashkil etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida xalqaro parlament tuzilmalari (Parlamentlararo ittifoq, Arab parlamenti) va boshqa qator xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro tashabbuslarni qo‘llab quvvatlash an’anasini davom ettirish va hamkorlikni yanada izchil rivojlantirish yuzasidan kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA