O‘zbek va ozar xalqlarining o‘zaro do‘stlik aloqalari chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, ko‘p asrlik madaniy va ma’naviy qadriyatlar, an’analar va tarixning o‘zaro uyg‘unlashuviga tayanadi. Bugungi kunda ushbu azaliy va yaqin rishtalar ikki davlat o‘rtasida mustahkam ishonch va yuksak hurmatga asoslangan o‘zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalari o‘rtasidagi birodarlik rishtasi qator hujjatlarni o‘zida jamlagan sermahsul shartnomaviy-huquqiy baza asosida tobora rivojlanmoqda. Tan olish kerak ikki qardosh davlatning hozirgi rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasidagi samimiy do‘stlik aloqalarni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tardi, ikki tomonlama munosabatning keng ko‘lami, ko‘p qirrali xususiyatini qamrab olgan haqiqiy konstruktiv hamkorlik uchun maydon yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 14-15 oktyabr kunlari Bokuda o‘tkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti) yettinchi sammitida qatnashish maqsadida Ozarbayjon Respublikasiga qilgan tashrifi o‘zbek-ozarbayjon munosabatlari tarixida muhim voqea bo‘ldi.

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Davlatlar rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga oid dolzarb masalalarni muhokama qildi. Birinchi navbatdagi istiqbolli vazifalar belgilab olindi. O‘zbekiston va Ozarbayjonning yetakchi kompaniyalari va tadbirkorlari bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport sohalarida va boshqa muhim tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma hukumatlararo komissiya faoliyatini jadallashtirish va ikki mamlakat mintaqalari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning  2022 yil 21-22 iyun kunlari mamlakatimizga tashrifi ham dolzarb ahamiyat kasb etdi. Mazkur tashrif Toshkent shahrida yangilangan Haydar Aliyev nomli ko‘cha, xiyobon va yodgorlik barelefi ochilishidan boshlandi. Tantanali marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.

Tabiiyki, davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy va ishonchli munosabat tufayli yildan-yilga  mustahkamlanib borayotgan o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanayotgan iqtisodiy sheriklik samarasida ham namoyon bo‘lmoqda. Eng muhimi, bu borada erishilgan kelishuvlar birin-ketin muvaffaqiyatli amalga oshmoqda.

Xususan, joriy yil fevral oyida Toshkentda o‘tkazilgan birinchi O‘zbekiston – Ozarbayjon hududlararo forumi va Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi ishbilarmon doiralarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini rivojlantirish, hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim zamin yaratdi. Ahamiyatli jihati, birgina 2022 yil mamlakatlarimiz o‘rtasida mahsulot va xizmat ayirboshlash miqdori bir yarim barobar, joriy yil boshidan buyon esa yana 16 foiz ortdi. Jumladan, Ozarbayjonga jo‘natilayotgan to‘qimachilik mahsulotlari 2,6 barobar, mexanik uskunalar 19,7 foiz, shisha va shisha buyumlar 76 foiz oshdi. Shu nuqtai nazardan mutaxassislar yaqin yillarda o‘zaro mahsulot ayirboshlash miqdorini 1 milliard dollarga yetkazish uchun ikki mamlakat iqtisodiyoti yetarli salohiyatga egaligini ta’kidlamoqda.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda olib borilayotgan ishlar alohida o‘rin tutadi. So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi. Ikki yil ichida 40 ga yaqin korxona ishga tushdi. Ozarbayjonda O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 70 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Energetika va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqani rivojlantirish doimiy kun tartibidan joy olgan.

Umuman, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqboliga har ikki tomon katta e’tibor qaratdi. Zero, transport, sanoat kooperatsiyasi, energetika, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, kimyo sanoati kabi muhim sohalarda hamkorlik salohiyati yuqori ekani isbotlangan.

Prezident Ilhom Aliyevning Toshkentga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish muassasalari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash uchun ham “yaxshi poydevor” qo‘yilgan. Prezidentlar tomonidan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani mamlakatlarimiz birgalikdagi sa’y-harakatlarni turli darajada mustahkamlash va rivojlantirishga tayyor ekani yaqqol namoyon bo‘lgan.

Ozarbayjon tomoni yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonning intilishi tufayli Markaziy Osiyoda erishilayotgan ijobiy o‘zgarishlar barcha sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni, jumladan, hududlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratayotganini mudom ta’kidlaydi.

Xususan, ekspert doira vakillari ikki tomonlama munosabatning joriy holati va istiqbolini yuqori baholab, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini alohida e’tirof etadi. Davlatimizning yangicha shakl va mohiyatga ega mintaqaviy siyosati tufayli Markaziy Osiyoda qulay siyosiy muhit yaratilgani, bu holat o‘zaro ishonchni, har tomonlama manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini, mintaqada shakllangan jarayon Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirish uchun juda yaxshi imkoniyat ochayotganini qayd etishadi.

Turli darajadagi muzokaralar jarayonida tomonlar muhokama, munozara natijasida doimiy ravishda hamkorlikning joriy holati va istiqbolini atroflicha tahlil qilib, munosabatlarni izchil rivojlantirishni talab qiladigan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab borishadi, aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan takliflar bildiriladi.

Xulosa qilib aytganda, ikki qardosh yurt – O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi azaliy do‘stona munosabat bugungi kunda, deyarli, barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga bo‘lajak davlat tashrifi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA muxbiri