Mamlakatimizda xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tibbiyot tizimida ham xususiy sektorning o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda.
Xususan, bugungi kunda respublikamizda jami 8 ming 300 nodavlat tibbiyot tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Xususiy sektorda 17 mingdan ortiq shifokor, 26 mingdan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda.
Ahamiyatlisi, xususiy tibbiyot tashkilotlarining soni har yili o‘rtacha 600-700 taga ortmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida bunday shifoxonalar soni 1 ming 700, Andijonda 750, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida esa 650 tadan oshdi. Ular tomonidan 200 dan ortiq ixtisoslik bo‘yicha 2 ming 250 turdan ziyod tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish maqsadida davlat funksiyalarini maqbullashtirish orqali davlat organlari va tashkilotlarining funksiya va vazifalarini tadbirkorlik sub’ektlariga, davlat xususiy sheriklik asosida va boshqa shakllarda taqdim etilishi ishbilarmonlarga keng imkoniyatlar yaratdi.
Jumladan, bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida davlat xususiy sheriklik shartlari asosida yurtimizning turli hududlarida jami 57 loyiha amalga oshirilmoqda.
Tadbirkor Otabek Jiyanboyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yillarga nisbatan imkoniyatlar ikki baravarga oshgan.
– Misol tariqasida aytishim mumkinki, besh-olti yil oldin ham tibbiyot texnikalarini ishlab chiqarishni farmatsevtika sohasi va bu yo‘nalishda ishlayotgan tadbirkorlarga ham farmatsevtika xodimlari sifatida qaralar edi, – deydi O.Jiyanboyev. – Hozirga kelib esa tibbiyot texnikalarini ishlab chiqarish alohida soha etib belgilandi. Muhimi, buning uchun keng maydon yaratildi.
O‘z navbatida, davlatimiz tomonidan soha xodimlarining mehnatlari munosib baholanib, rag‘batlantirilmoqda. “Tadbirkorlar kuni” munosabati bilan sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh tadbirkorlarning “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani fikrimizning yaqqol dalilidir.
– Bu kabi mukofotlar biz tadbirkorlar uchun juda katta rag‘bat, motivatsiyadir, – deydi “Hayat Medical Centre” rahbari Nuriddin Nuriddinov. – Xalqimizning sog‘lig‘ini asrashga, ularning salomatligini tiklashga qo‘limizdan kelgancha o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz. Muhtaram Prezidentimizning biz tadbirkorlarni doimiy qo‘llab-quvvatlashlari bizga yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA