2023 yil 30 aprelda O‘zbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi kuchga kirdi. Kodeks, xususan, homilador ayollarga qanday kafolatlarni taqdim etadi? Shu kabi masalalar yuzasidan Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Miryoqub RAHIMOV o‘z fikrlarini bildirdi:
– Amaldagi Mehnat kodeksining 4-moddasiga asosan homilador ayollar yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar sifatida baholanib, ularga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Bu esa qonundagi tenglik tamoyilini buzmaydi. Buni homilador ayollarga beriladigan kafolatlarni tahlil qilish orqali ko‘rsatib beramiz.
Kafolatlarning dastlabkisi, ya’ni Mehnat kodeksining 119-moddasiga ko‘ra, homiladorligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra, ishga qabul qilmaslik ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish sanaladi. Bunga esa yo‘l qo‘yilmaydi. Ayolning homiladorligini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortgan yoki ishdan bo‘shatgan shaxslar Jinoyat kodeksining 148-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Homilador ayol ishga qabul qilinganda, unga dastlabki sinov belgilanmaydi (Mehnat kodeksi 129-moddasi). Shu bilan bir qatorda, Mehnat kodeksining 142-moddasida homilador ayolning tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’sirini istisno etadigan boshqa ishga o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 186-moddasiga asosan, ish beruvchi ushbu kodeksning 398-moddasiga muvofiq homilador ayolning iltimosiga ko‘ra, tibbiy xulosaga binoan to‘liqsiz ish kunini belgilashi shart. Buning mohiyati shundan iboratki, agar homilador ayol normal ish vaqti haftasiga 40 soatdan kamroq ishlashni xohlasa, unga to‘liqsiz ish vaqt haftasiga 30, 20 yoki boshqa ish vaqti soatlari belgilab beriladi. Bu ko‘pchilik yaxshi tushunadigan, xalq tilidagi “yarim”, «0,75 stavka” kabi jumlalarning qonunchilikdagi ifodasi sanaladi.
Mehnat kodeksining 202-moddasiga asosan, homilador ayollarga ishdan bo‘sh bo‘linadigan kunlar beriladi. Xodimga dam olish uchun emas, balki boshqa maqsadlarda beriladigan, xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etish davrlari dam olish vaqtiga kirmaydi.
Masalan, ushbu kodeksning 403-moddasiga asosan, ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal (tug‘ruqqacha) parvarishlash (perinatal skrining va tashxis, majburiy tibbiy ko‘riklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar) uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha bo‘sh kunlar berishi shart. Mazkur imtiyoz yangi kafolat sanalib, eski Mehnat kodeksida mavjud emas edi.
Bizga ma’lumki, birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan olti oy o‘tganidan keyin yuzaga keladi. Biroq Mehnat kodeksining 227-moddasiga asosan, homilador ayollar bundan mustasno. Olti oy o‘tguniga qadar ayollarning xohishiga ko‘ra ularga – homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin har yilgi mehnat ta’tili beriladi.
Ushbu kodeksning 229-moddasiga asosan, xodimlar homiladorlik va tug‘ish ta’tilining muddati boshlangan hollarda har yilgi mehnat ta’tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga ega.
Shu bilan birga, Mehnat kodeksining 232-moddasiga asosan, homilador ayollarni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Kodeksning 392-moddasiga ko‘ra esa, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to‘lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, 394-moddaga binoan tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish normalari avvalgi ishlaridagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi. Ishlab chiqarish normalarini kamaytirish, shuningdek, vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish muddatlari tibbiy xulosaga muvofiq belgilanadi. Homilador ayolga yengilroq ish yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ish berish masalasi hal etilguniga qadar, u buning oqibatida qoldirilgan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.
Mehnat kodeksining 396-moddasiga asosan homilador ayollar faqat o‘z yozma roziligi bilan tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilinishi, shuningdek, xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda ish beruvchi mazkur xodimlarni tungi ishlardan, ish vaqtidan tashqari ishlardan, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlardan yoki xizmat safaridan voz kechish borasidagi huquqi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
Homilador ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish homilador ayolning hayotiga va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 398-moddasiga asosan, ish beruvchi homilador ayolning iltimosiga ko‘ra, ularga tibbiy xulosaga muvofiq to‘liqsiz ish vaqti belgilashi shart. Kodeksning 400-moddasiga asosan, homilador ayollarga yillik mehnat ta’tili, ularning xohishiga ko‘ra, tegishincha homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin beriladi.
Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra, ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to‘liq beriladi.
Mehnat kodeksining 408-moddasiga asosan, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno. Yana bir o‘ziga xos jihat shundaki, Mehnat kodeksining 466-moddasiga binoan, homilador ayollar vaxta usulida bajariladigan ishlarga jalb qilinishi mumkin emas.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur kodeksning 85-moddasiga asosan, jamoa kelishuvlarida yuqoriroq darajada ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar, masalan, homilador ayollar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etayotgan ish beruvchilarga beriladigan imtiyozlar haqidagi normalar nazarda tutilishi mumkin.
Bu imtiyozlar ish beruvchilarga amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit berish, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilish, ijtimoiy soliq stavkasi kamaytirish, bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish va boshqa shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin.
O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.