Davlatimiz rahbarining Vengriyaga amaliy tashrifi samarali uchrashuvlar, foydali kelishuvlarga boy kechdi. Mazkur tarixiy voqea haqida mahalliy va xorijiy ekspertlar fikr, mulohaza bildirmoqda.
O In Kyong, Janubiy Koreyadagi Yevrosiyo turkshunoslik instituti direktori, professor:
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Vengriya rahbarlarining sa’y-harakati bilan ikki davlat o‘rtasidagi munosabat mutlaq yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayni jarayonda oliy va yuqori darajadagi muntazam siyosiy muloqotga alohida ahamiyat berilyapti. Qayd etish joiz, keyingi ikki yil davomida oliy darajada uch bor uchrashuv tashkil etilgani hamkorlikni mustahkamlashdan ikki tomon birdek manfaatdor ekanini ko‘rsatmoqda.
Budapesht Toshkentning mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, Afg‘onistonda tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlashga intilishini yuqori baholaydi. Xalqaro tashkilotlar, xususan BMT, YeI, YeXHT, TDT doirasidagi sheriklik jadal rivojlanyapti.
Bu gal ikki davlat yetakchilarining Budapeshtdagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlar joriy munosabatni yanada mustahkamlashiga shubha yo‘q. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Vengriya strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish, ko‘p qirrali hamkorlikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish istiqboli batafsil muhokama qilindi.
Markaziy Osiyodagi O‘zbekiston va Markaziy Yevropadagi Vengriya strategik ahamiyatga ega davlatlar hisoblanadi. Vengriya mintaqa eksport salohiyatining asosiy omillari sifatida, birinchi navbatda, transport-logistika tizimi, o‘rta va yuqori texnologiyali sektordagi inson kapitali, ilm-fanga tayangan xizmat vektori, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarga kiritilayotgan investitsiya, elektron tijorat kabi yo‘nalishlarni muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda.
O‘zbek va vengr xalqlari boy tarixi, betakror ma’naviy-madaniy merosi, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. Shu ma’noda tarixiy hamda madaniy jihatdan umumiy xususiyatga ega bu ikki davlatning iqtisodiy salohiyati har tomonlama bir-birini to‘ldirishini alohida ta’kidlash kerak.
Ishonamanki, O‘zbekiston va Vengriya rahbarlari o‘rtasidagi konstruktiv muloqot muntazam davom etishi davlatlararo munosabatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Maks Sey, “Kingsley Strategic Institute” ijrochi direktori (Malayziya):
– Qayd etish joiz, O‘zbekiston – Vengriya muloqoti faollashishi natijasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqa ko‘lami sezilarli darajada kengaydi, hududlar aro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Budapeshtda bo‘lib o‘tgan navbatdagi oliy darajadagi muzokara strategik sheriklikni, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan tomonlar o‘zaro manfaatdorligini yana bir bor namoyon etdi.
Shu bilan birga aloqalarni o‘rta muddatli istiqbolda farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati singari muhim yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish orqali yanada yaxshilash uchun ulkan salohiyat ham mavjud.
Vengriya OTP bankining O‘zbekiston bozoriga kirishi strategik g‘oya sifatida Yevropa biznesi uchun juda muhim. Ushbu muvafaqqiyatli loyiha boshqa Vengriya va Yevropa kompaniyalarini o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik qilishga undashi tayin.
Joriy yil 20 avgustdan boshlab Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ishbilarmonlik aloqalarini yanada faollashtirish, mamlakatlar aro sayyohlik oqimini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Hikmet Eren, “EkoAvrasya” Yevrosiyo iqtisodiy aloqalar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi (Turkiya):
– Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatining yangi vektori tufayli O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi munosabat strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Natijada savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda haqiqiy taraqqiyotga erishildi.
O‘zbekiston yetakchisining Budapeshtga bu galgi amaliy tashrifi va oliy darajadagi kelishuvlar natijalari ko‘p qirrali o‘zaro munosabat chuqurlashganidan, istiqboldagi hali foydalanilmagan boy salohiyatdan dalolat.
Mazkur o‘zgarishlar iqtisodiyotni liberallashtirish, biznes yuritish va sarmoyaviy hamkorlik uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman, O‘zbekiston Vengriya uchun tobora istiqbolli iqtisodiy hamkorga aylanmoqda. Fikrimni “Bonafarm”, “Gedeon Richter”, “Meditop”, “Wizz Air” kabi yirik vengr kompaniyalari O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy loyihalarda faol ishtirok etayotgani ham tasdiqlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga amaliy tashrifi yakuni bo‘yicha erishilgan samarali kelishuvlar to‘plami O‘zbekiston – Vengriya savdo-iqtisodiy munosabatini yanada rivojlantiradi, ikki xalq manfaati yo‘lida yana bir dadil qadam bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA