Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatimizdagi xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator imkoniyat va imtiyozlar belgilab berilgan.

Xususan, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilishi va bunga har yili kamida davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan davrida 2022-2023 o‘quv yilining 2-yarmi uchun 14 ming 110 nafar magistraturada tahsil olgan xotin-qizlarning to‘lov-shartnomasiga 85,1 milliard so‘m mablag‘ davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lab berilgan.

Qayd etilishicha, OTM, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlarning  kontraktlarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish tizimi ham joriy etilgan. Unga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan davrida 36 ming nafardan ziyod talaba xotin-qizlar uchun 335,5 milliard so‘m miqdorda imtiyozli (foizsiz) ta’lim kreditlari ajratilgan.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida grant tanlovi o‘tkazildi.

Respublika komissiyasi tomonidan 118 ta mahallada markazlar faoliyatini yulga qo‘ygan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taklif etilgan loyihalar ko‘rib chiqilib, eng yaxshi deb topilgan 66 ta loyiha uchun jami 3 milliard 186 million so‘m davlat granti ajratilgan. Taklif etilgan loyihalarga muvofiq 1 ming 62 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 30 yoshdan oshgan 7 yarim million nafardan ortiq xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, 1 million 680 nafari “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan. Ularning 831 ming 133 nafariga tegishli tartibda yordamlar ko‘rsatilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA