Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2023 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi.
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, muhokamalar jarayonida asosiy e’tiborni ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larning samarali, maqsadli sarflanishiga qaratdilar.
Hisobot davrida sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan 14 trillion 618,1 milliard so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trillion 839,2 milliard so‘m ko‘p mablag‘ ajratildi. “Elektron sog‘liqni saqlash” tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi majmuasini yaratish xarajatlarini moliyalashtirishga 0,8 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Muhokamalar davomida deputatlar bugungi axborot texnologiyalari davrida ushbu sohaga yetarli mablag‘ ajratilishi zarurligini qayd etib, “Elektron sog‘liqni saqlash tizimi”ga o‘tish dolzarbligidan mazkur masala uchun mablag‘larni ko‘paytirish taklifini ilgari surdi.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari hisobot davrida byudjet xarajatlarining asosiy qismi partiya elektorati manfaatlari, ya’ni ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflanganini e’tirof etdi. Jumladan, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga Davlat byudjetidan 64,4 trillion so‘m yoki umumiy xarajatlarning 50 foizi miqdorida mablag‘ sarflangani elektorat vakillari uchun muhim raqamlardir.
Fraksiya a’zolari kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari uchun Davlat byudjetidan 9 trillion 354,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilganini ijobiy baholadi. Shuningdek, hukumatning kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, inson qadrini yuksaltirish va boshqa asosiy yo‘nalishlardagi keng qamrovli, mas’uliyatli faoliyati alohida qayd etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari hisobot davrida davlat byudjetidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, chiqindilarni yig‘ish va ularni qayta ishlash, Orolbo‘yi hududida ekologik holatni yaxshilash tadbirlariga ajratilgan mablag‘larning natijadorligiga alohida e’tibor qaratdi.
Hisobot davrida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun Davlat byudjetidan jami 1 trillion 767,8 milliard so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, mazkur mablag‘lar atmosfera havosini, suv va yer resurslarini, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga, ichimlik va oqava suv tozalash inshootlarini qurish va qayta ta’mirlashga, Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlarga, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda ularni suv va shamol eroziyasidan saqlashga, chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish va utilizatsiya qilishga sarflangan.
Deputatlar o‘tgan davrda aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqava suv tizimlarini yaxshilash maqsadida davlat byudjetidan 565 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 710,4 km. ichimlik va oqava suv tarmoqlari yotqizilganini, 21 ta inshootda qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilganini ijobiy baholadilar.
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2023 yilning dastlabki olti oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot maqullandi.
O‘zA