O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ekologik audit faoliyatini samarali tashkil qilish hamda sohani malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida “Ekologik audit sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish xavfi kam bo‘lgan yoki unchalik ko‘p bo‘lmagan (lokal ta’sirga ega) ekologik audit sub’ektlarining faoliyatiga nisbatan ekologik audit ixtiyoriy tartibda o‘tkaziladi.
Atrof-muhitga yuqori va o‘rtacha ta’sir ko‘rsatish xavfiga ega bo‘lgan ekologik audit sub’ektlari esa har yil majburiy ekologik auditdan o‘tkaziladi.
Auditorlik faoliyati ekologik auditorlik tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi va tashkilot shtatida asosiy ish joyi ekologik auditorlik tashkiloti bo‘lgan kamida to‘rt nafar mutaxassis va ushbu mutaxassislarning malaka sertifikati mavjud bo‘lishi shart bo‘ladi.
Malaka imtihonini tashkil etish, malaka sertifikatini berish, ekologik auditorlar va ekologik auditorlik tashkilotlarining reyestlarini yuritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakolatli organ hisoblanadi.
O‘zA