Farmon va ijro
Bugungi kunda onkologik kasalliklarning kelib chiqishi, uning oldini olish yuzasidan yurtimizda samarali ishlar olib borilmoqda.
Xususan, “2019-2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida O‘zbekistonda onkologik kasalliklarni davolash uchun dori vositalarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilishi belgilangan edi.
Darhaqiqat, onkologik kasalliklarning oldini oluvchi usullar, xorij tajribasi yoxud uni butunlay davolovchi preparat topilishiga umid bormi? Shu kabi savollar bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi Onkologiya kafedrasi magistratura dasturi direktori, Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali kimyo terapiya bo‘limi shifokori, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilbar ALMURADOVAga murojaat qildik.
– Avvalo “onkologiya” so‘zining ma’nosiga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, “onkos” – shish yoki o‘sma, “logiya”, bu – fan ma’nosini bildiradi. Ya’ni odam va hayvonlarda o‘sma rivojlanishini nazariy, eksperimental hamda klinik jihatdan o‘rganadigan tibbiy biologik fan hisoblanadi.
Darhaqiqat, onkologik kasalliklar butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham afsuski, yil sayin ko‘payib bormoqda. O‘lim ko‘rsatkichlari ham sezilarli oshmoqda. Jahon bo‘yicha har yili 16 millionga yaqin onkologik bemor aniqlanadi. Shundan 8-9 millioni hayotdan ko‘z yumadi. Buning asosiy sabablaridan biri –o‘sma kasalliklari kech bosqichda aniqlanishi va kasallikning yashirin kechishi hamda erta bosqichlarda murojaat qilinmasligidir.
Uning oldini olish va erta bosqichda aniqlash bo‘yicha mamlakatimizda hozirda skrining dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu kasallikning belgisi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, aholini yoppasiga tekshiruvdan o‘tkazishdir. Chunki onkologik kasalliklar hech qachon darrov belgi bermaydi. Tana a’zosining butunligini buzganida yoki vazifasini izdan chiqarganida belgi berishni boshlaydi. Shu bois skrining tekshiruvlarini o‘tkazish hozirgi kunda muhim sanaladi. Bu butun dunyoda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, O‘zbekiston ham bosqichma-bosqich shu dasturlarni qo‘llay boshladi. Mazkur turdagi kasalliklarni, xavfli o‘smalarni davolash bosqichi kimyo terapiya, nur terapiya, garmon terapiyalarni o‘z ichiga oladi.
Kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish lozim. Bu – mamlakatimiz tibbiyotining eng ustuvor tamoyiliga aylanmoqda. Shu bois yurtimizda sut bezi va bachadon saratonini erta aniqlash bo‘yicha ham alohida skrining tekshiruvi amalga oshirilmoqda. Chunki aynan mana shu kasalliklar O‘zbekistonda yetakchi o‘rinlarda aniqlanmoqda.
– Onkologik kasalliklarga uchrash darajasi ayollar va erkaklar o‘rtasida qanday?
– Butun dunyoda erkaklar va ayollar o‘rtasida ushbu kasallikka uchrash chastotasi farq qiladi. Ya’ni ayollar o‘rtasida sut bezi saratoni yetakchi bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda bachadon bo‘yni, bachadon tanasi va tuxumdon saratoni turadi. Erkaklar o‘rtasida bu biroz farq qiladi, ya’ni yetakchi o‘rinlarda o‘pka va oshqozon saratoni bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda esa yo‘g‘on, to‘g‘ri ichak va prostata bezi saratoni hisoblanadi.
– Mazkur kasallikning kelib chiqish sabablari qanday?
– Kasalliklarning ayollar va erkaklar o‘rtasida kelib chiqishi bo‘yicha bir qancha nazariyalar bor. Bu keng qamrovli bo‘lib, aniq bir sababini keltirish qiyin. Bir necha faktorlar birgalikda kelgan holatda ham kasallik rivojlanishi imkoniyati yanada oshadi. Xususan, kasallik namoyon bo‘lishiga gormonlar boshqaruvining buzilishi, stress sabab immunitet kamayishi, ortiqcha vazn sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, moddalar almashinuvining buzilishi, quyosh nurida ko‘p yurish, ultrabinafsha nurlar va tashqi muhitning o‘zgarishi, surunkali kasalliklarni davolamaslik ham bunga sabab bo‘ladi.
– Onkologik kasallikning turlari va alomatlari qanday?
– Onkologik kasalliklarning alomatlari bemorda avvaliga klinik belgi bermaydi. Agar tashqi, ko‘rinuvchi a’zolarda shu kasallik paydo bo‘lsa, ilk belgilaridanoq, inson bilishi mumkin. Aslida o‘smalarning uchdan birini ko‘z bilan ko‘rib aniqlanadigan o‘smalar tashkil qiladi. Masalan, teri, lab, og‘iz bo‘shlig‘i, qalqonsimon bez a’zolarida shish, yara, qon ketish paydo bo‘lsa, tez-tez xuruj qilsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Shunda onkologlar bilan maslahatlashib, maxsus shifoxonalarga yuboriladi.
Biz ko‘z bilan ko‘rolmaydigan a’zolarda bu kasallik boshlansa, uni birdan aniqlab bo‘lmaydi. Bemorda to‘satdan kuchli og‘riq paydo bo‘lsa, ovqatlarning qizilo‘ngachdan o‘tishi qiyinlashsa, o‘pkadagi quruq yo‘tallar, hansirashlar ham saratonning kichik belgilaridan sanaladi. Yana boshqa alomatlari – quvvatsizlik, ozish, lohaslik, ishtahasizlik, ba’zan tana haroratining oshishi kabilar ham kasallik belgisi bo‘lishi mumkin. Uchinchi bosqichda barcha belgilar yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bois bemorlar kichik belgilarga ham e’tiborli bo‘lishi lozim.
– Odatda ushbu kasallikka duchor bo‘lganlar xorijda davolanishga urinishadi, mamlakatimizda mazkur kasallikning qaysi bosqichlarini samarali davolash yo‘lga qo‘yilgan?
– Ko‘p hollarda bemorlar noto‘g‘ri qarashlar bilan xorijdagina davolanish mumkin, O‘zbekistonda onkologiya sohasi orqada qolgan, deb o‘ylashadi. Oqibatda 3-4-bosqichda murojaat qilishadi. Koreya, Turkiya, Germaniya kabi davlatlarda malaka oshirish jarayonida guvoh bo‘ldimki, aslida onkologik kasallikdan davolanish standarti bir xil. Bu davolash usullari yurtimizda ham yo‘lga qo‘yilgan. Bizda hozir bir soha biroz orqada qolmoqda. Bu – limfa bezlaridan o‘sgan kasallik, o‘sma limfomalarda suyak ko‘migi transplantatsiyasi. Ammo bu bo‘yicha ham hozirda mutaxassislarimiz xorijda tajriba orttirib kelmoqda.
– Onkologik kasallikni davolashda tabobatning hissasi qay darajada? Giyohlar orqali davolash yoki oldini olish imkoni bormi?
– Onkologik kasallik belgilarini sezsa, bemorlar darrov shifokorga borishga qo‘rqishadi. Oson davolash usulini tanlab, tabobatga murojaat qiladi. Bu kasallikni tabobat bilan davolab bo‘lmaydi. Ko‘p hollarda birinchi bosqichda tabibga borib, afsuski, o‘sma bir necha oyda ancha o‘sib ketgach, shifokorga murojaat qiladi. Maslahatimiz, avvalo shifokorga murojaat qilish lozim.
– Onkologik kasalliklarni davolash bo‘yicha qaysi mamlakatlar yetakchi va O‘zbekiston qaysi davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlik o‘rnatmoqda?
– Qaysi davlatda skrining dasturlari to‘liq yo‘lga qo‘yilgan va aholining tibbiy madaniyati yuqori saviyada bo‘lsa, o‘sha davlatlarda turli kasalliklar samarali davolanmoqda. Chunki kasallikni erta bosqichda aniqlash muhim sanaladi.
Masalan, Janubiy Koreyada insonlar salomatligidan biror shikoyati bo‘lmasa-da, hech qanday majburlovsiz, o‘z xohishi bilan har olti oyda to‘liq, boshdan-oyoq skrining tekshiruvidan o‘tishadi. Hafta oxirida tekshiruv xulosasini olishadi. Natijada juda erta bosqichda, hatto hali hujayra ichida paydo bo‘lgan onkologik yaralar hujayra darvozasini buzib o‘tmagan, to‘qima darajasida rivojlanmagan bosqichda aniqlanadi. Bu degani – bemor yuz foiz tuzalishiga zamin yaratiladi. Bunday bemorga kimyo terapiya ham, nur terapiya ham kerak bo‘lmaydi. Bu davlat byudjetiga ham ancha foydali. Shunda davolash uchun tibbiy preparatlar kam ishlatiladi yoki umuman ishlatilmaydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda davolash skrining tekshiruvini keng yo‘lga qo‘ygan davlatlar – Koreya, Germaniya, Turkiya va Moskva onkologik institutlari bilan hamkorlik olib borilmoqda. Natijalari esa samarali bo‘lmoqda.
– Onkologik kasalliklarni qachondir butunlay davolovchi preparat topilishiga umid bormi?
– Albatta, bu hammani o‘ylantiradigan savol. Lekin umid bor. Butun dunyo shu bilan kurashmoqda, o‘rganishlar olib bormoqda, laboratoriyalar ishlamoqda, klinik eksperimental tekshiruv tinimsiz davom etmoqda. Olimlar tomonidan davolash uchun yengil preparatlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, oxirgi klinik natijalari asosida Koreya Respublikasida o‘sma hujayrasining rivojlanishida eng asosiy omil bo‘luvchi birinchi oqsil aniqlandi va uning rivojlanishini butunlay to‘xtatuvchi, ya’ni bloklovchi preparat ishlab chiqildi. Uni hozirda klinik amaliyotda bemorlarga qo‘llash boshlangan. Bu savolning to‘liq javobini, albatta, amaliy tajribalardan keyin, bir necha yillarda bilib olamiz. Vaqti kelib butunlay davolovchi usul va preparatlar ishlab chiqiladi. Bunga umid qilamiz.
OʻzA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.